Namangan viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi tashabbusi bilan O`zbekiston futbol assosiasiyasi raisining birinchi o`rinbosari Ravshan Ermatov, Italiyaning “Roma” klubi tijoriy masalalar bo`yicha direktori Marko Dominiks hamda Ispaniyaning IMG kompaniyasi vakili Karloz Perez ishtirokida videomuloqot o`tkazildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot davomida xorijliklar O`zbekistonda, xususan Namanganda futbol sohasini yana-da rivojlantirish, ushbu sport turiga aholi, ayniqsa yoshlarni keng jalb qilish, futbol infratuzilmasini kuchaytirish, Namangan futbol maktablari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, sohada malakali mutaxassislarni tayyorlash, Namangan viloyatida o`tkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar yuzasidan xabardor qilindi.
Muzokaralar davomida Namangan futbol mahorat maktabi hamda “Roma” klubi o`rtasida futbol bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash yo`nalishida o`zaro tajriba almashish, qo`shma seminar va treninglar tashkil etish, Namanganlik futbol murabbiylarini “Roma” futbol klubida malaka oshirish imkoniyatlarini o`rganib chiqish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Shuningdek, Namangan va Rim klubining yoshlar jamoalari o`rtasida o`rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.






