"Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “Toshkent metropoliteni” UK “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tarkibidan Transport vazirligi tizimiga o`tkazilib, “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga o`zgartirildi.
“Toshkent metropoliteni” DUK boshlig`i Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Qayd etilishicha, “Toshkent metropoliteni” DUK 2024 yil 1 yanvargacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan va tegishli ro`yxat bo`yicha import tovarlarni olib kirishda bojxona to`lovlaridan (qo`shilgan qiymat solig`i va bojxona yig`imlaridan tashqari) ozod etiladi.
- 2022 yil 1 iyulgacha 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qo`yliq bozori, Chilonzor) transport o`tish bog`lamalari;
- 2022 yil 1 oktyabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yo`lovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va er usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.
2022 yil 1 yanvardan quyidagi ma`lumot va xizmatlarni o`z ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:
➖ metropoliten yo`nalishlari (ularning qurilishi bo`yicha ma`lumotlar);
➖ bekatlar (ular atrofida joylashgan ob`ektlar va jamoat transporti yo`nalishlari);
➖ poezdlar harakati jadvali;
➖ elektron to`lov.
2022 yil 1 aprelgacha er usti halqa metro bekati yo`nalishida yo`lovchilar uchun bepul WI-FI tizimi bilan bog`lash va er osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Qaror bilan shuningdek, 2021–2023 yillarda Toshkent metropolitenida yo`lovchi tashish va poezdlar harakati xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.