AsosiyDunyo

“Marokash rallisi-2021” avtopoygasi bo`lib o`tdi

'“Marokash rallisi-2021” avtopoygasi bo`lib o`tdi'ning rasmi

“Marokash rallisi-2021” avtopoygasida Rossiyaning “Maria Oparina Team” jamoasi nomidan ishtirok etgan "O`zbekiston milliy avtomobil klubi" (O`zbekiston hududidagi FIAning rasmiy a`zosi) jamoat birlashmasi poygachisi Anvar Ergashev ralli-reydlar bo`yicha FIA Jahon kubogida T3 kategoriyasida 6-o`rinni egalladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.

7-13-oktyabr kunlari Sahroi Kabir qumliklarida “Marokash rallisi-2021” poygasi bo`lib o`tdi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan 200 nafar sportchi o`zaro raqobatlashdi. Ushbu ralli tarixida ilk marotaba ishtirok etgan o`zbekistonlik poygachi Anvar Ergashev ralli reydlar bo`yicha katta tajribaga ega. Xususan, u fevral oyida FIA 2021 Jahon kubogi bosqichida ishtirok etib, faxrli 3-o`rinni egallagan edi.

So`nggi kunlargacha poygachimizning musobaqaga borish-bormasligi ma`lum emasdi, chunki unda pandemiya tufayli Marokash vizasini olishda muammolar paydo bo`ldi. Marokashning O`zbekistonga yaqin konsulligi Ozarbayjonda joylashganligi sababli, "O`zbekiston milliy avtomobil klubi" jamoat birlashmasi FIA bilan yaqin aloqada bo`lib, Ozarbayjondagi O`zbekiston elchixonasi, Marokash rallisi tashkilotchilari, xususan,"DAKAR ralli "sport direktori Devid Kaster bilan yaqindan hamkorlik qilib, o`zbekistonlik sportchi musobaqada ishtirok etishi uchun barcha sa`y-harakatlarni amalga oshirdi.

Sahroda poyga oson emas edi, ba`zi tezkor maxsus joylar, qumli tepaliklar toshli yo`llarga aylanardi. Dunyoning eng katta sahrosidagi jazirama ekipajni juda charchatadi. Buning ustiga, poyga avtomobilining ruli keskin burilib, Anvarning qo`liga jarohat etkazgan (keyinchalik uning qo`li singanligi ma`lum bo`ldi) va musobaqaning ikkinchi yarmida u bir qo`li bilan avtomobilni boshqarishga majbur bo`ldi. Ammo, sportchimiz rallidagi ishtirokini to`xtatmadi, u 1 450 km masofani bosib o`tdi va T3 toifasida ancha yuqori bo`lgan 6-o`rinni egalladi.

Ta`kidlash joiz, eng murakkab maxsus qismlardan iborat "Marokash rallisi-2021" 5 kunlik poygasi puxta jismoniy va texnik tayyorgarlikni talab qiladi. Shu bois unda ilk urinishdayoq g`olib bo`lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ko`plab jamoalar marra chizig`iga ham etib borisholmaydi, shu tufayli, poygachimizning musobaqada 6-o`rinni egallashi ajoyib natija.

Shu o`rinda "O`zbekiston milliy avtomobil klubi" jamoat birlashmasi Rossiyaning "Maria Oparina Team" jamoasiga taqdim qilingan avtomobil va texnik ko`mak uchun, "Marokash rallisi-2021"ning barcha bosqichlaridan ekipajning muvaffaqiyatli o`tishida belaruslik shturman Andrey Rudniskiyga tajribasi va qo`llab-quvvatlagani uchun katta minnatdorlik bildiradi.

Xulosa o`rnida aytadigan bo`lsak, “Marokash rallisi-2021” musobaqasi poygachimiz Anvar Ergashev faoliyatida muhim bosqich bo`ldi, shuningdek, “DAKAR-2022”da muhim debyut oldidan hal qiluvchi poyga bo`ldi. Umid qilamizki, Marokash rallisida orttirilgan boy tajriba hamyurtimizga kelgusi musobaqalarda qo`l keladi.

    Boshqa yangiliklar