Dunyo 2022 yil boshida koronavirus pandemiyasidan chiqishi mumkinligi ma`lum qilindi. Bu haqda Belarusning «STV» telekanaliga bergan intervyusida Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa byurosi rahbari Xans Klyuge xabar berdi.
Uning so`zlariga ko`ra, dunyo 2022 yil boshida koronavirus pandemiyasidan chiqadi, ammo xastalikning o`zi butunlay yo`q bo`lib ketmaydi. Aksincha gripp kabi mavsumiy kasallikka aylanadi. «Men optimistman, ishonamanki, kelgusi yil pandemiyadan chiqamiz. Ammo bir narsani unutmaslik kerak, koronavirus hech qaerga ketmaydi. U bilan yashashga to`g`ri kelishi mumkin», — deydi mutaxassis.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vakilining qo`shimcha qilishicha, hozirda dunyoda koronavirusga qarshi vaksina etarli bo`lib, ulardan nafaqat xavf ostida bo`lganlarni, balki boshqa barcha istovchilarni ham emlash mumkin. «O`zimizni xavfsiz his qilishimiz uchun aholining kamida 80–85 foizini emlash kerak», — xulosa qilgan Klyuge.
Eslatib o`tamiz, 2019 yilning sentyabr oyida JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge 2020 yil 10 fevral kuni o`zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini byuroga a`zo bo`lgan 53 davlat orasida aynan O`zbekistondan boshlagan edi.






