Joriy yil Xalqaro qilichbozlik federasiyasining (FIE) hisobot-saylov Kongressi tashkil etiladi. Unda tashkilot rahbariyatiga saylov o`tkaziladi.
Rossiya qilichbozlik federasiyasi mazkur saylovga mamlakat nomidan FIEning amaldagi rahbari, rossiyalik mesenat Alisher Usmonovning nomzodini ilgari surdi. Shu tariqa, 27-noyabr kuni Shveysariyada o`tkaziladigan FIEning Kongressida Usmonov nomzodi ko`rib chiqiladi. Bu haqda O`zbekiston olimpiya qo`mitasi rasmiy manbasi xabar bermoqda.
Asli kelib chiqishi o`zbekistonlik bo`lgan Alisher Usmonovni hamyurtlarimiz ham yaxshi bilishadi. Zero, u mamlakatimizda ham ijtimoiy soha va sportni qo`llab-quvvatlash bo`yicha bir necha yirik loyihalarni amalga oshirgan.
Ta`kidlash joiz, sentyabr oyida mamlakatimizda o`tgan Osiyo, Pan Amerika va Afrika qilichbozlik konfederasiyalarining kongressida har uch mintaqa Alisher Usmonovga bo`lajak saylovda uni qo`llab-quvvatlashini bildiruvchi xat yo`llagan edi.
Ma`lumot uchun, Alisher Usmonov 2008-yildan beri ushbu xalqaro tashkilotni boshqarib kelmoqda. U FIEga 2012 va 2016-yillarda qayta saylangan.
Izzatbek Abduvahobov tayyorladi






