AsosiyDunyo

Fosh bo`lgan milliardlar yoki “Panama hujjatlari” ortida nima yotibdi?

O`tgan haftada dunyo miqyosidagi shov-shuvga sabab bo`lgan voqealardan biri “Panama hujjatlari”ning oshkor etilishi bo`ldi. Mazkur mojaro o`nlab davlat rahbarlari, siyosatchilar, san`atkor va sportchilarning offshor hududlarda yo`lga qo`ygan yashirin bizneslarini ommaga oshkor qilib qo`ydi. 

Offshor biznes  nima degani?

Har bir inson – u siyosatchimi, san`atkormi, sportchimi – boy bo`lishga, ko`proq boylik to`plashga haqli. Boylikni to`plashning o`zi bo`lmaydi. Ayniqsa, soliq yuki har qanday insonni o`ylantirib qo`yadi. Qani endi endi ko`proq pul topib, kamroq soliq to`lashning imkoni bo`lsa?

Offshor so`zining lug`aviy ma`nosi “qirg`oqdan uzoqda” deganidir. Dunyodagi offshor hududlar aynan ana shunday ilinjni qondirish maqsadida ochiladi. Ya`ni u erda o`z biznesini, korxonasini ochgan odam muayyan soliq imtiyozlariga ega bo`ladi. Bunday hududlar antik davrda qadimgi Yunoniston va Rimda ham mavjud bo`lgan. Savdogarlar uchun soliq miqdori kamaytirilgan savdo nuqtalariga tojirlar oqib kelavergan. Asrlar o`tgani sayin biznesning bu turi ham takomillashib borgan.

Ya`ni kamroq soliq olish evaziga ko`proq va boyroq odamlarni o`z bozoringga taklif etasan va shu bahonadada kattaroq foyda ko`rasan. Yanayam soddaroq qilib tushuntirish uchun qadimiy bir rivoyatni eslash joiz: Bozorda bir kosib o`z mahsilariga juda kam narx qo`yib, juda katta foyda ko`rarkan. Ya`ni boshqalar  bitta maxsiga 10 tanga foyda qo`yib, bir kunda atigi ikkita maxsi sotsa,  u ikki tanga foyda qo`yib 20 ta maxsi sotarkan. Ya`ni boshqalar bir kunda 20 tanga foyda ko`rsa, u 40 tanga daromad qilarkan. 

Garchi bugungi kunda ayrim mamlakatlar tijoratning  bu turiga qarshi chiqayotgan bo`lsa, dunyoda offshor hududlar hamon ishlab turibdi. Ayrim davlatlar o`zini butunlay offshor o`lka  sifatida e`lon qilgan. Markaziy Amerikadagi Panama Respublikasi ham ana shunday hududlar sirasiga kiradi.

“Kasalini yashirsang...”

Bu mamlakatda o`nlab siyosatchi va mashhurlar o`z sarmoyasini turli ko`rinishda rasmiylashtirib, boyligi va sirlari ishonchli qo`llarda ekanidan bamaylixotir o`z ishlarini qilib yurishganda, birdaniga internet olamida  Panamaning Mossack Fonseca yuridik kompaniyasi arxivida turgan yashirin ma`lumotlar yashin tezligida tarqala boshladi. 

Mutaxassislar fikricha, ushbu arxiv 1977-2015 yillarga oid hujjatlarni o`z ichiga olgan bo`lib, uning umumiy hajmi 11,5 million fayl yoki 2,6 terrabaytni tashkil etadi. Bu arxivda yuzlab taniqli shaxslar, siyosatchilar, san`at va sport yulduzlari, shuningdek 12 nafar amaldagi va sobiq davlat rahbarlariga oid yashirin ma`lumotlarni ham uchratish mumkin. 

Ushbu 2015 yilning boshlarida arxiv noma`lum manbadan Germaniyaning Süddeutsche Zeitung  gazetasi xodimlari qo`liga tushib qoladi. Ular Amerikaning Jurnalistik tekshiruvlar bo`yicha xalqaro konsorsium (International Consortium of Investigative Journalists-ICIJ) shafeligida bu hujjatlarni bir yil davomida o`rganib chiqishdi. Joriy yilning 3 aprel kuni esa, mazkur hujjatlardan olingan ma`lumotlar oshkor etila boshlandi. Biroq, hujjatlarning hajmi juda katta. Bu arxivga to`g`ridan to`g`ri internet orqali kirishning imkon yo`q. Ammo, bu “xazina”ning kaliti endi jurnalistlarning qo`lida. Ya`ni istagan paytlarida, istalgan ma`lumotni fosh qila oladilar.

Fosh bo`lgan milliardlar

Norasmiy tarzda “Panama arxivi” yoki “Panamageyt” nomini olgan bu mojaro ko`plab davlat rahbarlarining oromini o`g`irladi. Ushbu faxriy ro`yxatdan joy olgan siyosatchilardan biri  Islandiya bosh vaziri Sigmundur David Gyunlyoygsson edi. Uning ham  davlatga tegishli 4 million dollarni aynan mazkur offshor zonada sarmoya sifatida kiritgani ma`lum bo`lgach, mamlakatda unga nisbatan norozilik namoyishlari boshlandi. “Es borida etagini yopish”ni afzal bilgan Gyunlyoygsson muddatidan o`z ixtiyori bilan iste`fo berdi. 

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron va uning otasi Ien Kemronnning ham offshor hududda katta miqdordagi kapitali borligi ma`lum bo`ldi Reuters ma`lumotlariga ko`ra, Londondagi soliq  idoralari  ota-boladan mazkur ishga oid tegishli hujjatlarni talab qilishgan. Agar ular soliqqa oid ingliz qonunlarini buzgani aniqlansa, Kemeronlar oilasi kattagina moliyaiy zarar ko`rishi tayin.

Mossack Fonsecaning fosh bo`lgan  hujjatlari Ispaniya soliq xizmatining ham paytavasiga qurt tushirdi. Chunki, “qora  ro`yxat”da qirol  Filipp IV dan tortib. “Barselona” hujumchisi Leonel Messi va kinorejissyor Pedro Almodovaragacha mashhurlarni topish mumkin.

“Panama hujjatlari”dan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliev va uning oila a`zolari ham o`rin olgan. Mazkur hujjatlarga asoslangan holda Alievning ikki qizi Laylo va Orzuning nomida milliardlab dollar hisobidan o`lchanadigan kompaniyalar nomi oshkor etildi. Biroq, mamlakat qonunlariga ko`ra, Prezidentning farzandlari tadbikorlik faoliyati bilan shug`ullanishi mumkin va o`z mablag`ini qaerda, qanday ishlatishni tadbirkorning o`zi ham qiladi. 

Ukranina Prezidenti Petr Poroshenko ham ushbu o`zining shirinliklar ishlab chiqaruvchi “Roshen” kompaniyasi orqali bu ro`yxatdan o`rin olgan. Ma`lum bo`lishicha, u kompaniyasi aktivlarining katta qismini “offshor-hudud”dagi kompaniyalarga sotib, shu orqali davlatdan soliqni yashirishda ayblanmoqda. 

FIFAni ham tinch qo`yishmadi

Panamageyt mojarosi bir qator nufuzli tashkilotlar, xususan FIFAni ham chetlab o`tmadi. Mazkur hujjatlarda Xalqaro futbol federasiyasining yangi prezidenti Janni Infantino ishkal ishlarga aralashib qolgani aks etgan. Jumladan u UEFAda ishlagan paytida  chemponlar ligasi o`yinlarini namoysh etish huquqini argentinalik tadbirkorlar Ugo va Mariano Xinkislarga sotgan. Ular esa, bu tovarni uch baravar qimmatiga boshqa telekompaniyaga  pullashgan. Gap shundaki bu ota-bola tadbikorlarga tegishli bo`lgan Cross Trading kompaniyasi ham aynan offshor hududda ro`yxatdan o`tkazilgan. Binobarin Panamageyt hujjatlari orasida FIFA rahbarining ham imzosi uchragani bu borada shov-shuvga sabab bo`ldi. 

Ekspertlar fikricha bu o`rinda FIFA rahbari hech qanday noqonuniy ish qilmagan, balki qonuniy hujjatga imzo chekkan holos. Chayqovchilik ka qo`l urgna ota-bola Xinkisnlarning xatti-harakatlariga Infantinoning aloqasi yo`q. Ayni paytda AQShda ota-bolaga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan. Bu ish qanday yakun topishi hozir qorong`iligicha qolmoqda.

Maqsad nima o`zi?

Hali jurnalistika tarixida tom ma`nodagi bunday “qimmat” hujjatlarning oshkor etilishi kuzatilmagan ekan. Xo`sh bundan maqsad faqat gazetaning tiradini oshirib, u orqali katta pul ishlash xolosmi? 

Agar kengroq fikr yuritilsa-chi? Ayrim ekspertlar bu o`rinda jurnalistlarning shunchaki ijrochi ekanini bayon qilmoqda. “Panama hujjatlari”da AQSh fuqarolarning boshqalargi nisbatan sezilarli darajada kamligi shubha uyg`otadi. Holbuki, dunyonng eng boy va mashhur insonlari asosan shu davlatda yashaydi. Bu ro`yxatda Rossiya ma`murlari, ayniqsa prezident Putinga yaqin insonlarning borligi vaziyatni bir muncha oydinlashtiradi. 

Ayrim mutaxassislar bu mojaro aynan Rossiyaga qarshi uyushtirilganini oshkora e`tirof etishmoqda. Xullas... qolganini vaqt ko`rsatadi.

    Boshqa yangiliklar