AsosiySport

Mashhur futbolchilarning to`p tepadigan aka-ukalari

Yashil maydonda akalari singari shuhrat qozona olmagan ukalar yoki akalar ham bor. Ular haqida hech narsa bilmaymiz. Chunki bu o`yinda tanish-bilishchilik emas, iqtidori borlargina ko`zga ko`rinadi. Keling bugun dunyoga mashhur futbolchilarning shu sohadagi aka-ukalari haqida gaplashamiz....

1. Jon Runi

 

Angliya terma jamoasi va «MYu» hujumchisi Ueyn Runining boshi tanqidlardan chiqmadi. Oilaviy muammolari bo`lsa ham kerakli darajaga chiqishni qoyillatadi. 25 yoshli kichik Runi uchun «Everton» ham hozircha ushalmas orzu bo`lib qolmoqda. Vaholanki u klub akademiyasiga 6 yoshida qo`shilgandi. U o`z yurtida «Maksfild Taun» klubida, keyinchalik AQShning «Nyu-York Red Bulz» va «Orlando Siti» klublarida, «Bernli» va «Byori»da to`p surdi. Lekin mashhur akasi kabi yuksak saviyaga chiqolmadi. Hozirda Jon Angliya 5-divizioni vakili «Chester» klubida to`p surmoqda. 26ta uchrashuvda 5ta gol urib, 8 marta samarali uzatma amalga oshirdi. Jonda Angliyadan tashqari Irlandiya pasporti ham bor.

2. Paolo Kannavaro

Futbol tarixida hozircha «Oltin to`p»ga sazovor bo`lgan yagona himoyachi bo`lib turgan afsonaviy Fabio Kannavaroni tanimaydigan futbol muxlisi topilmasa kerak. Uning so`nggi ish joyi Saudiya Arabistonidagi «Al-Nasr» bo`ldi. Uning 34 yoshli ukasi Paolo esa «Sossuolo»da o`zining futbolchilik faoliyatini yakunlamoqda. Aka-ukalar bir paytlar «Parma» safida birga (2000-2002) to`p surishgandi. Keyichalik Fabio bir qator top-klublarda o`ynadi. Paolo esa uzoq vaqt «Napoli» sharafini himoya qildi va unga sardorlik qildi. Og`asidan farqli o`laroq, unga terma jamoada o`ynash baxti nasib etmadi. 

Fakt. Paolo ilk marta akasining o`rniga zaxiradan o`yinga qo`shilib, professional faoliyatida debyut qilgan edi.

3. Paolo Suares

«Barselona» markaziy hujumchisining akasi 35 yoshda, u ham hujum chizig`ida to`p suradi. Yangi yilga qadar Paolo Salvadorning «Isidro Metapan» jamoasi sharafini himoya qilgan va 222ta uchrashuvda 57ta gol urgandi. Endi u shu mamlakatning boshqa jamoasi - «Sansonate»da o`ynayapti. Shuningdek, katta Suares hisobida Urugvay yoshlar terma jamoasidagi 15ta ishtirok va 5ta gol mavjud. Salvadordagi faoliyati davomida Suares bir marta yilning eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo`lgan. Hozirda yorqin yulduzga aylangan Luis Suares yoshlik paytlarida aynan o`z akasining ibrat olgan bo`lsa, ajabmas.

4. Torgan Azar

Eden Azarning ukasi Torgan «Borussiya» (M) da to`p suradi. Yaqingacha aka-ukalar bitta jamoada to`p surishardi. Biroq Torgan risoladagidek to`p sura olishini isbotlash maqsadida Germaniyaga yo`l oldi. Balki unga yulduz akasi soyasida yuraverish yoqmay qolgandir. 2014 yili kichik Azar Belgiya chempionatining eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo`lib, milliy jamoada debyutini nishonlagandi. Joriy mavsumda 3 ta gol urishga muvaffaq bo`ldi. Kelgusi mavsumda Torganning klubi EChLda o`ynash ehtimoli yuqori, lekin Eden Azarning “Chelsi”si Evropa Ligasiga ham chiqsa katta gap! Azarlarning oilasi bolalarining futbolchi bo`lishi uchun hamma sharoitni yaratib berishgan edi. Bu oiladan 4 ta futbolchi chiqqan!

5. Matias va Florentin Pogba

«Yuventus» hamda Fransiya terma jamoasining yarim himoyachisi Pol Pogba esa egizaklar - Matias va Florentindan keyin dunyoga kelgan. Ular Gvineyada tavallud topishgan va shu mamlakat sharafini himoya qilishadi. Matias Shotlandiyaning «Partik Tisl» klubi hujumchisi bo`lsa, Florentin esa «Sent-Eten»ning himoya chizig`ida to`p suradi. U 12 marta maydonga tushib, 1ta gol urdi. Darvoqe, ukasi Pol «Stad de Frans»dagi Fransiya-Germaniya o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushganida 25 yoshli Matias tribunadan ukasini quvvatlab turdi.

6. Katilina va Villi Obameyang

 

2015 yili Afrikaning eng yaxshi futbolchisi bo`lgan Per-Emerik Obemeyangning 2 nafar akasi ham «Milan» maktabida tahsil olishgan, Gabon terma jamoasi safida maydonga tushishgan. Obameyanglarning eng kattasi bo`lmish 32 yoshli Katilina 2011 yilgacha Fransiyada faoliyat yuritdi, endi o`z yurtida «Sapine» klubi sharafini himoya qilmoqda. Chap qanot himoyachisining hisobida shuningdek milliy terma tarkibidagi 4ta o`yin va bitta gol mavjud. 28 yoshli Villi Obemeyang esa Gabon terma jamoasi sharafini himoya qilishga ulgurdi. So`nggi paytlarda Villi Germaniyaning kamtarin «Kray» klubida to`p surmoqda.

Darvoqe, uzoqqa bormaylik, o`zimizda aka-uka Tojievlar yaqin-yaqingacha «Paxtakor»da birga to`p surishardi. Odil Ahmedovdan so`ng ukasi Azim Amedov bu yildan boshlab “Paxtakor”da o`ynamoqda.

Boshqa yangiliklar