Bugun, 25 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari G`ayrat Fozilov Prezident saylovida kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga kelgan Evropada istiqbol va xavfsizlik instituti prezidenti Emmanuel Dyupuis bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
TIV rahbari o`rinbosari O`zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishlari, jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlar haqida atroflicha ma`lumot berdi.
E.Dyupuis 24-oktyabr kuni O`zbekistonda bo`lib o`tgan Prezident saylovi yuqori tashkiliy saviyada o`tganini ta`kidladi. Fuqarolarning saylov jarayonida faol ishtirok etishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga ijobiy baho berildi.
Afg`onistondagi vaziyat va xalqaro miqyosdagi boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat tadqiqot doiralari o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.






