AsosiySport

Xyuistra, Hasanov, Sekeyra, Yo`ldosheva va Berdiev ishlarini Etika qo`mitasi ko`rib chiqadi

'Xyuistra, Hasanov, Sekeyra, Yo`ldosheva va Berdiev ishlarini Etika qo`mitasi ko`rib chiqadi'ning rasmi

Coca-Cola Superliga 23-turidan o`rin olgan “So`g`diyona” – “Paxtakor” (1:0) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Piter Xyuistra o`z fikrlarini bildirib o`tdi va keyinroq mezbonlar futbolchisi Jasur Hasanov unga nisbatan javob qaytardi. Bu haqda PFL rasmiy manbasi ma`lum qildi.

Jasur Hasanov Piter Xyuistraga nisbatan juda qo`pol fikr bildirdi. Bunda u shaxsning sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi o`xshatishdan foydalandi. O`zbekiston Professional futbol ligasi bu kabi haqoratlarni qoralaydi. Shundan kelib chiqib, Hasanov masalasi O`FA Etika qo`mitasiga oshirildi.

Hasanovning bu hatti-harakatiga “Paxtakor” bosh murabbiyi tomonidan bildirilgan fikr sabab bo`ldi. O`zbekiston Professional futbol ligasi murabbiylar fikrini hurmat qiladi. Biroq bu borada ular chegaradan chiqmasliklarini so`raydi. Shundan kelib chiqib, mehmonlar bosh murabbiyi ishi ham Etika qo`mitasiga oshirildi.

Shuningdek, Coca-Cola Superliganing mazkur turidan o`rin olgan “Qo`qon-1912” – “Lokomotiv” (2:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Mikael Sekeyra o`z fikrlarini bildirib o`tdi. O`zbekiston Professional futbol ligasi portugaliyalik murabbiy fikrlarini hurmat qiladi va har qanday holatda ham uni Reglamentga amal qilishga chaqiradi. Unga ko`ra, uchrashuv hakamlarini tanqid qilishga cheklov qo`yilmagan. Shunchaki, hakamlik masalasida xatolar kuzatilgan bo`lsa, yozma ravishda shikoyat kiritilishi kerakligi va bu boradagi yo`l-yo`riqlar Reglamentda o`z ifodasini topgan. Reglamentning 18.19-bandidan kelib chiqib, Sekeyra ishi intizom chorasi qo`llash uchun Tartib-intizom qo`mitasiga oshirildi.

Coca-Cola Superliga 23-turidan o`rin olgan “Andijon” – “Nasaf” (1:1) uchrashuvi davomida mehmonlar bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev Reglamentga zid bo`lgan qator hatti-harakatlarni amalga oshirgan. Komissar bildirgisiga asosan, “Nasaf” ustozining hatti-harakatlariga Tartib-intizom qo`mitasi baho beradi.

Ayollar Oliy ligasining 20-turidan o`rin olgan “Paxtakor-W” — “Navbahor-W” uchrashuviga hakam tomonidan qo`shib berilgan daqiqalarda mehmonlar uchrashuvni yakunlamay, maydonni tark etgan. Shundan kelib chiqib, O`zPFL jamoa bosh murabbiyi Karima Yo`ldoshevaning lisenziyasini vaqtincha bekor qildi va uning hatti-harakatlarini Tartib-intizom qo`mitasiga oshirdi.

O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum avvalida “2021 yilgi mavsumda O`zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o`tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ni taqdim etgan. Sizda Reglament matni bilan elektron tanishish imkoniyati mavjud. Biz futbol murabbiylarining fikr-mulohazalarini hurmat qilamiz. Shu bilan birgalikda, ular fikr bildirayotganga yoki biror hatti-harakatni amalga oshirayotganda etika normalaridan chetga chiqmasliklarini talab etamiz. Reglament oldida barcha birdek javobgar ekanligi unutilmasligi shart.

Boshqa yangiliklar