AsosiySiyosat

Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari YXHT Parlament Assambleyasi raisi bilan uchrashdi

'Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari YXHT Parlament Assambleyasi raisi bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun, 26 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari G`ayrat Fozilov Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga kelgan YXHT Parlament Assambleyasi raisi Margareta Sederfelt bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, saylov jarayonlarida YXHT Parlament Assambleyasi kuzatuvchilari vakillik missiyasining ishtiroki O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va o`zgarishlarga qiziqishi katta ekanligini tasdiqlaydi.

M.Sederfelt mamlakatimizni prezidentlik saylovi muvaffaqiyatli o`tgani bilan tabriklab, YXHT Parlament Assambleyasi missiyasi faoliyatini tashkil etishda ko`rsatilgan yordam uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

YXHT Parlament Assambleyasi rahbari 24-oktyabr kuni yurtimizda bo`lib o`tgan Prezident saylovi yuqori tashkiliy saviyada o`tganini ta`kidladi. Fuqarolarning saylov jarayonida faol ishtirok etishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga ijobiy baho berildi.

Muloqot davomida YXHT PA doirasida parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari va bo`lajak tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda YXHT Parlament Assambleyasi Bosh kotibi R.Montella, Assambleya vise-prezidenti, Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakil P.Kauma ishtirok etdi.

    Boshqa yangiliklar