Kecha, 27-oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon bilan muzokaralar o`tkazdi.
Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma`lum qildi.
Unga asosan, tomonlar O`zbekiston-Eron munosabatlarining bugungi darajasi, turli sohalardagi savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishgan.
Muloqot davomida tomonlar O`zbekiston va Eronning afg`on inqirozini hal qilish borasidagi sa`y-harakatlarini, Afg`onistonda turli infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirishda ikki mamlakat o`rtasidagi hamkorlikning asosiy yo`nalishlarini muhokama qilishgan.
Eron tomoni Afg`onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o`rnatishga hissa qo`shishga tayyorligini bildirgan.






