Taraqqiyot strategiyasi doirasida:
Birinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan, keng ko`lamli islohotlarimiz yangi pog`onaga ko`tariladi.
Bu borada millati, tili va dinidan qat`i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini ta`minlashga xizmat qiladigan “Yangi O`zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g`oyasini amalga oshirishga alohida e`tibor qaratamiz.
Shu asosda mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va mas`uliyatini yanada kuchaytiramiz. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o`tkaziladi.
Jamiyat boshqaruvining tayanch bo`g`ini bo`lgan, islohotlar samarasi bevosita aks etadigan mahalla tizimini hokimliklar bilan bog`lash maqsadida har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Hokim yordamchisi yangi ish o`rinlarini yaratish va kambag`allikni qisqartirishga mas`ul bo`ladi. Mahalla raisi esa ma`naviy-ma`rifiy ishlarni amalga oshirish, oila va mahallada sog`lom muhitni shakllantirishga javob beradi.
Shu bilan birga, mahallalarda yoshlar masalalari bilan muntazam shug`ullanadigan Yoshlar ishlari agentligining vakili ham bo`ladi. Bundan tashqari, hokimliklar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish maqsadida tuman byudjeti qo`shimcha manbalar bilan ta`minlanib, mahallaning alohida jamg`armasi shakllantiriladi, - Shavkat Mirziyoev.






