AsosiyJamiyat

Toshkentda “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi o`tkazildi

'Toshkentda  “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi o`tkazildi'ning rasmi

Nogironligi bo`lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar III Respublika savdo yarmarkasi o`tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi "Darakchi.uz" ga xabar berdi. 

Shanba, 6 noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan “ECOBOZOR” savdo majmuasida nogironligi bo`lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning savdo yarmarkasi o`tkazildi.

Uchinchi marta o`tkazilayotgan ushbu yarmarka “Biz birgamiz!” shiori ostida Adliya vazirligi hamda Nogironlar jamiyati tomonidan tashkil etildi. 

“Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasining asosiy maqsadi – nogironligi bo`lgan shaxslarning hayotda o`z o`rnini topishiga ko`maklashish, ularni jamiyatimizning ajralmas qismi sifatida ruhlantirish hamda kasbiy salohiyatini ro`yobga chiqarishdan iboratdir.

Yarmarkada butun respublikadan 100 ga yaqin nogironligi bo`lgan shaxslar o`zlari tayyorlagan mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.

Ular tomonidan kashtachilik, duradgorlik, zardo`zlik, tikuvchilik, qandolatchilik kabi xalq hunarmandchiligi yo`nalishlarida asosan qo`l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlar omma e`tiboriga taqdim etildi. Yarmarka davomida jami 500 million so`mlik mahsulotlar xaridorlar tomonidan sotib olindi.

Tadbir doirasida Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Intelektual mulk agentligi, FHDYo organlari, notariuslar, advokatlar va “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti xodimlari tomonidan aholiga sayyor tarzda bepul huquqiy xizmatlar ko`rsatildi va maslahatlar berildi. 

Shuningdek, nogironligi bo`lgan shaxslarni kasbga tayyorlash, ularga munosib shart-sharoit yaratishni qo`llab-quvvatlash maqsadida Nogironlar jamiyatining “Tadbirkor ayol” uyushmasi, “Hunarmandlar” uyushmasi, “Vatanparvar” tashkiloti, “Psixologlar assosiasiyasi” bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tadbir davomida ishtirokchilar, homiy va hamkor tashkilotlar Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan esdalik sovg`alari, maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Yarmarka yakunida ishtirokchilar va yarmarkaga kelgan aholi uchun taniqli san`atkorlar ishtirokida musiqali ko`ngilochar tadbirlar tashkil etildi.

Ijtimoiy loyiha xayriya-sog`lomlashtirish tadbirlariga ulanib ketdi. Yarmarka yakunlangach, respublikamizning turli hududlaridan kelgan ishtirokchilar Adliya vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida joylashgan dam olish maskaniga taklif etildilar. 

Tog` yonbag`rida joylashgan so`lim maskanda mehmonlar uchun bayram dasturxoni tashkil etilib, ko`ngilochar va sport-sog`lomlashtirish tadbirlari o`tkazildi. Ular uchun bepul tibbiy ko`rik, psixologlar tomonidan esa qiziqarli treninglar tashkillashtirildi.

“Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasini yanada ommalashtirish va an`anaviy tarzda har yili o`tkazib borish rejalashtirilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar