"O`zgidromet" xabariga ko`ra, sovuq havo O`zbekistondan asta-sekinlik bilan chekina boshlaydi.
Bugun va ertaga respublika hududining katta qismida yog`ingarchilik kutilmaydi. Faqat O`zbekistonning janubiy hududlarida nam havo massalari aylanib turadi, buning hisobiga Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida ba`zi joylarda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi. Kechasi hali sovuq bo`ladi, havo harorati 0-5° iliq, shimolda 2-7° sovuq atrofida bo`ladi, kunduz kuni esa quyosh havoni 10-15° iliqgacha isitadi.
10 noyabrda nam havo massasi shimoli-sharqiy tomonga qarab xarakatlanadi va respublikaning markaziy hududlari bo`yicha ba`zi joylarda kuchsiz yomg`ir yog`ishi ehtimoli bor. Havo harorati kechalari 3-8° iliq, kunduz kunlari 10-15° iliq atrofida bo`ladi.
11-13 noyabrda respublika hududiga Turkmaniston hududlaridan iliq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari 3-8° iliq bo`ladi, kunduz kunlari esa noyabr oyi o`rtalari uchun bo`lgan me`yoriy qiymatlargacha 15-18° iliqgacha, janubda esa 20-21° iliqgacha isiydi.






