Kardiologiya masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilinishicha, kelgusi yil 1 iyulga qadar tuman, viloyat va respublika darajasida davolanadigan kasalliklar ro`yxati tuzilib, shu asosda rejali davolash ishlari yo`lga qo`yiladi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Tuman shifoxonalariga EKG, ExoKG, xolter-monitor va defibrillyator kabi 4 turdagi kardiologiya uskunalari o`rnatilib, bu yo`nalishda ko`rsatiladigan xizmatlar 5 tadan 15 taga oshiriladi. Buning uchun qo`shimcha 60 milliard so`m yo`naltiriladi va kelgusi yil 1 iyulga qadar mutaxassisi mavjud tumanlar 4 turdagi zamonaviy kardiologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
“Shu orqali har bir bemor kardiologiya xizmatlaridan 3 million so`m iqtisod qiladi”, dedi Shavkat Mirziyoev. Viloyatlarda:
- Kardiologiya markazining viloyat filiallarida ko`rsatiladigan xizmatlar 15 tadan 35 tagacha etkaziladi;
- Kardiologiya markazining Xorazm viloyati filialiga Orolbo`yi mintaqaviy markaz maqomi berilib, uni jihozlashga 20 milliard so`m ajratilgani hisobiga, respublika darajasida amalga oshiriladigan barcha amaliyotlar viloyatning o`zida yo`lga qo`yiladi;
- kelgusi yil yakuniga qadar Nurafshon shahrida barpo etilayotgan Tibbiyot klasterida Kardiologiya markazini tashkil etiladi;
- bemorlarning respublika markazlarida davolanishi uchun berilgan barcha imtiyozlar (order berish tartibi), ularning filiallariga ham to`liq tatbiq etiladi.
Misol uchun, yurak tomirlarini stentlash amaliyoti order asosida respublika markazlarida bepul bajarilsa, viloyat filiallarida ushbu xizmatlar bemor tomonidan 100 foiz qoplanadi.






