24 aprelga o`tar kechasi Rossiyaning Sizran shahri yaqinida joylashgan Ivashevka qishlog`ida polisiya polkovnigining oilasi jinoyatchilar qo`lida halok bo`ldi. Qotillar hatto bolani ham ayashmagan, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Sizran polisiyasi sobiq boshlig`i Andrey Goshtning Ivashevka qishlog`ida yashovchi ota-onasining, oila a`zolarining vahshiylarcha o`ldirilganligi haqidagi xabar butun qishloq ahlini larzaga soldi. Bunday dahshatli qotillikni kim amalga oshirganini aniqlash uchun tergov ishlari olib borilmoqda.
Qo`shnilarning aytishicha, uyda tunggi uchgacha chiroq yonib turgan. Keyin nima bo`lgani noma`lum. Ommaviy qotillik sodir etilgan uy atrofida boshqa uy yo`q, faqatgina chala qurilgan, hech kim yashamaydigan binolar mavjud. Birorta odam qotillikka guvoh bo`lmagan.
Jinoyatchilar o`zlaridan biror iz qoldirmagan, eshik qulfi va devorlari bus-butun. Kirish eshigi tepasiga kuzatuv kamerasi o`rnatilgan, ammo u qotilning kirib kelganini yozgan-yozmaganligi ham hali noma`lum.
Ertalabdan uyda tergovchilar ish olib bormoqda. Jasadlar ekspertizaga olib ketilgan. Sobiq polisiya boshlig`ining ota-onasi bu qishloqqa ko`chib kelganiga bor-yo`g`i bir yarim yil bo`lgan. Ular hech kim bilan muloqotda bo`lmagan. Andrey Goshtning o`zi bundan 9 oy muqaddam viloyat ichki ishlar boshqarmasi shtab boshlig`i o`rinbosari lavozimiga ko`tarilib ketgan. Bungacha 2 yil mobaynida Sizran polisiyasi boshlig`i lavozimida xizmat qilgan va tumanda noqonuniy alkogol hamda savdo tizimidagi noqonuniy ishlarga qarshi keskin choralar ko`rgan inson sifatida nom qozongan.
Tunggi hujum paytida qotillar polisiyachining ota-onasini, uchta qarindoshini sovuqqonlik bilan vahshiylarcha qatl etishgan. 7 yoshli qizchaga ham jiddiy shikast etkazishgan, u koma holatida kasalxonaga yotqizilgan. Mazkur qotillik yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Rossiya bosh tergov boshqarmasiga berilgan.
Bu dahshatli qotillikni kim amalga oshirgan, kim buyurtma qilgan degan savollarga javob topish uchun tezkor-tergov ishlari olib borilmoqda. Qotillar voqea joyiga portlovchi qurilmaning yasama nusxasini tashlab ketishgan. Uyga kirish uchun xonadon egasining itini zaharlab o`ldirishgan. Ular qotillikni amalga oshirish uchun puxta tayyorlanishgan.