AsosiyJamiyat

Parkent prokuroridan xalq nega norozi?

'Parkent prokuroridan xalq nega norozi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Parkent prokuroridan xalq nega norozi” sarlavhali videomaterial tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyat prokuraturasining rasmiy bayonot berdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” PQ 5048-sonli qaroriga asosan, 2021 yil dasturiga muvofiq, Parkent tumanida 2 ta – "Surxi" hamda "Bo`ston" MFY kiritilgan.

Bloger Shokir Musaev kanalida e`lon qilingan materialda gap "Surxi" MFYdagi holat haqida boradi. Unga ko`ra, "Obod qishloq" dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar hajmi aholining e`tiroziga sababchi bo`lgan.

O`rganishlar ko`rsatdiki, hududda dastur doirasida belgilangan reja bo`yicha ish olib borilgan. Qurilish-ta`mirlash yakuniga etkazilmoqda. Ichimlik suvining sifati bo`yicha e`tirozlar yuzasidan alohida tartibda o`rganish olib boriladi va mutaxassislar xulosasiga asosan vaziyatga baho beriladi. Inobatga olish lozimki, bugungi kun holatiga 14.9 km ichimlik suvi quvurlari yotqizilib, bu yo`nalishdagi ishlar jadal olib borilmoqda.  

Shu o`rinda, jurnalist va blogerlardan material tayyorlash jarayonida materialning xolis va haqqoniyligini ta`minlash maqsadida, Toshkent viloyat prokuraturasi hamkorlikka har doim tayyorligini hamda manfaatdorligini bildirib o`tmoqchimiz. Agarda, muallif jurnalist etikasidan kelib chiqib, dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar va xalq e`tiroz bildirayotgan muammo haqida tuman yoki viloyat prokuraturasiga murojaat qilganida, holatga oydinlik kiritilar, olib borilayotgan qo`rilish, ta`mirlash ishlari joyiga chiqilgan holda ko`rsatilar va tayyorlanayotgan lavha jamoatchilikka xolisona, jurnalist pozisiyasi tomondan mukammal va turli fikr tug`ilishidan holi videomaterial bo`lib etkazilgan bo`lardi.

Chunki, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq jurnalist o`zi tayyorlayotgan materiallarining to`g`ri yoki noto`g`ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi, 15-moddasiga ko`ra jurnalist o`zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo`lishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar ekanligi ko`rsatib o`tilgan.

Videomaterialda keltirilgan holatlar, aholining fikrlari inobatga olinadi va aynan shu hududlarda mazkur dastur doirasidagi ishlar qamrovi yanada kengaytiriladi. Ushbu vaziyat shaxsan Toshkent viloyati prokurorining nazoratiga olindi va dastur ijrosi uchun belgilangan vaqt yakunida qo`shimcha yakuniy axborot beriladi.

    Boshqa yangiliklar