AsosiyJamiyat

Endi qonunga xilof ravishda olingan daromadlarni legallashtirishga ruxsat etilmaydi

'Endi qonunga xilof ravishda olingan daromadlarni legallashtirishga ruxsat etilmaydi'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, va Savdo-sanoat palatasining “Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo`llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo`lgan korrupsiyaga qarshi qo`shimcha shartlarni tasdiqlash to`g`risida”gi qo`shma qarori qabul qilindi. Mazkur qo`shimcha shartlardan jismoniy va yuridik shaxslar o`zaro sharnoma tuzayotganida foydalanishi mumkin va ulardan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.

 Korrupsiyaga qarshi qo`shimcha shartlar bir nechta xalqaro tashkilotlarning, jumladan Xalqaro savdo palatasining namunaviy qoidalar asosida ishlab chiqilgan bo`lib, shartnomamiy munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni minimallashtirish uchun shartnoma taraflariga qo`llanma sifatida xizmat qiladi, deya xabar bermoqda agentlik.

Ta`kidlanishicha, har bir taraf shartnoma tuzilgan paytda bevosita o`zi yoki uning ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan shartnoma bilan bog`liq munosabatlar yuzasidan quyidagilarni kafolatlaydi: 

  • qonunga xilof ravishda pul, moddiy qiymatliklar berilmaganligini;
  •  shartnoma tuzilishi evaziga norasmiy pul yoki boshqa moddiy qiymatliklar olinishiga yo`l ko`yilmaganligini, 
  • taklif etilmaganligini, 
  • ularni berishga va`da qilinmaganligini;
  • moddiy yoki har qanday turdagi imtiyoz olinmaganligini. 

Taraflar ular tomonidan shartnoma doirasida jalb qilingan shaxslarning (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslarning) yuqoridagi harakatlarni sodir etmasligi yuzasidan oqilona choralar ko`radi.

 Hujjatda belgilanishicha, taraflar davlat xizmatchilari, siyosiy partiyalar, shuningdek o`zining ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan har qanday vaqt va shaklda quyidagi harakatlarni bevosita yoki bilvosita (shu jumladan, uchinchi shaxslar orqali) sodir etilishiga yo`l qo`ymaydi: 

  • nazorat qiluvchi organlardan lisenziya va ruxsatnomalar olish, 
  • soliq solish, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish,
  •  sudda ish ko`rilishi, qonunchilik jarayoni va boshqa sohalarda qonunga xilof ravishda tijorat yoki boshqa turdagi ustunlikka ega bo`lish yoki saqlab qolish maqsadida yuqoridagi shaxslar foydasiga yoki ular tomonidan moddiy yoki nomoddiy naf olishning taklif etilishi, va`da qilinishi, berilishiga; 
  • qonunga xilof ravishda olingan daromadlarning legallashtirilishiga,  shuningdek, agar mulk jinoiy faoliyatdan olingan daromad ekanligi taraflarga ma`lum bo`lsa, uni o`tkazish, mulkka aylantirish yoxud almashtirish yo`li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, bunday pul mablag`lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko`chirish usuli, pul mablag`lariga yoki boshqa mol-mulkka bo`lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirishga;
  • korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir qilish uchun ta`magirlik qilish, undash, tazyiq o`tkazish yoki tahdid qilish. 

Ushbu holat bo`yicha bir taraf ikkinchi tarafni hamda vakolatli davlat organlarini darhol xabardor qilishi shart. 

"Qarorda taraflar o`z nazorati ostida bo`lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslarga korrupsiyaviy harakatlarga yo`l qo`yib bo`lmasligi hamda ularga nisbatan murosasiz munosabatda bo`lish shartligi haqida ko`rsatma va tushuntirishlar berishi majburiy etib belgilandi",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar