AsosiyJamiyat

1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig`im to`liq bekor qilinadi

'1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig`im to`liq bekor qilinadi'ning rasmi

 Kuni kecha hukumat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 2022 yil uchun kiritilgan Davlat Byudjeti loyihasida shular ham nazarda tutilmoqda. 

Bu haqda deputat Doniyor G`aniev xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, ushbu hujjatlarga ko`ra, mulk huquqini to`laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig`im to`liq bekor qilinadi. 

Shuningdek, Moliya vazirligidagi manbalarga ko`ra, “Davlat boji to`g`risida”gi Qonunga kiritilishi kutilayotgan o`zgartirishga asosan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat`iy nazar, BHMning 3 barobari (810 ming so`m) etib belgilanadi (solishtirish uchun amaldagi to`lov miqdori BHMning 2 barobari (540 ming) dan 10 barobarigacha (2mln. 700 ming). 

Demak, “2022 yil uchun Davlat Byudjeti to`g`risida”gi qonunni qabul qilinishi hamda “Davlat boji to`g`risida”gi Qonunga tegishli o`zgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi. 

"Misol uchun, amaldagi tartibga asosan, ot kuchi 105 bo`lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko`p bo`lmagan Neksiya avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun hozir o`rtacha 5mln. 535 ming so`m xarajat talab qilinayotgan bo`lsa, qonunchilikka yuqoridagi o`zgartirishlar kiritilgandan so`ng (2022 yil 1 yanvardan) bu xarajatlar taxminan 4 mln so`mga kamayib, 1 mln. 600 ming atrofida bo`ladi",-deya tushuntirish beradi deputat. 

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda bir yilda 300 mingdan ortiq avtomobil oldi-sotdi shartnomalari amalga oshirilishini inobatga olsak, ko`zda tutilayotgan bu ijobiy o`zgarishlar natijasida fuqarolar ixtiyorida qo`shimcha 1,2 trln. so`mdan ortiq mablag` qoldiriladi.

    Boshqa yangiliklar