Internet saytida “Xalqning haqidan qo`rqmaydigan Xalq banki: Urgutda bir nechta oila bola puli “olayotgani”ni bilmagan”, degan sarlavha ostida vediolavhali maqola e`lon qilingan.
Unda "Xalq banki"ning Urgut filialida ayrim fuqarolar nomiga nafaqa uchun plastik kartalar ochilgani, ammo bundan shu fuqarolarning o`zlari bexabar bo`lgani va kartaga tushgan pullar bank xodimlari tomonidan ishlatib yuborilgani haqida so`z borgan.
Maqolada keltirilgan ma`lumotlar bo`yicha bank boshqaruvining topshirig`iga binoan o`rganish olib borilganda quyidagilar ma`lum bo`lgan:
" - Xalq bankining Ichki nazorat va Ichki audit xizmati xodimlari tomonidan 2020 yil dekabr oyida o`tkazilgan tekshiruv davomida bankning Urgut filiali bank kartalari sektori bosh mutaxassisi U.Azimov hamda Pensiya va nafaqa to`lovlari bilan ishlash bo`limi sayyor kassa buxgalter nazoratchisi Yu.Xodievlar tomonidan fuqarolarning bank kartalaridagi mablag`larini o`zlashtirib yuborganlik holatlari aniqlangan va hukukni muhofaza qiluvchi organlarga hujjat taqdim qilingan. Ushbu holat buyicha sobiq xodimlarga nisbatan JK 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib ayblov e`lon qilingan.
Maqolada keltirilgan, Urgut tumani “Qorabuloq” mahallasi Ilonli qishlog`ida yashovchi fuqarolar Nazarova Iroda, Tillaeva Dilshoda hamda “Yuqori Tegana” mahallasida yashovchi Raxmonova Ozodalarga tayinlangan 2 yoshgacha bolalik nafaqa pullari o`zlarining nomiga ochilgan bank kartalariga o`tkazib berilgan. Bankning sobiq xodimlari U.Azimov hamda Yu.Xodievlar ushbu fuqarolarning imzolarini soxtalashtirib bank kartalaridagi mablag`larni o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi ma`lum bo`lgan.
Yuqorida nomlari keltirilgan fuqarolarga nafaqa pullari 2021 yilning 17 noyabr kuni to`liq etkazildi", - deyiladi bank bayonotida.
O`rganish davomida to`plangan hujjatlar hamda ma`lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.






