AsosiyDunyo

Rossiya Olmaliqda misni qayta ishlash fabrikasi qurish uchun 712 mln evro ajratadi

'Rossiya Olmaliqda misni qayta ishlash fabrikasi qurish uchun 712 mln evro ajratadi'ning rasmi

Fabrikaning qurilish qiymati $2 mlrd.ni tashkil etadi.

Rossiya davlat taraqqiyot korporasiyasi (VEB RF) O`zbekistondagi eng yirik misni qayta ishlash fabrikasi uchun Rossiya uskunalarini etkazib berishni moliyalashtiradi. Fabrika quvvati bo`yicha MDH davlatlari orasida yagona bo`ladi, deb xabar berdi VEB matbuot xizmati.

VEB.RF va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (OKMK) o`rtasida kredit shartnomasi O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga tashrifi arafasida imzolangan.

VEB RF kompaniyasining 712 mln evro miqdoridagi krediti Olmaliqda yiliga 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega misni qayta ishlash fabrikasi majmuasi qurilishini moliyalashtirishga yo`naltiriladi.

Loyiha Yoshlik I konini o`zlashtirish va keyinchalik uni mavjud Qalmoqqir koni bilan birlashtirishni nazarda tutadi. Qo`shma kon mis rudasi zaxiralari bo`yicha dunyodagi eng yirik konlardan biriga aylanadi. OKMK ma`lumotlariga ko`ra, MDH hududida birinchi marta bunday quvvatga ega fabrikani qurish rejalashtirilgan. Uni amalga oshirish uchun Chili va Perudagi mis karerlarida shunga o`xshash tarmoqlar o`rganildi.

Mablag`lar loyiha doirasida Rossiya uskunalari va xizmatlari uchun haq to`lashga, shuningdek, uni amalga oshirish bilan bog`liq xarajatlarning bir qismini qoplashga yo`naltiriladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichini hisobga olgan holda, OKMK rudani qayta ishlash hajmini yiliga 160 mln tonnaga etkazishni rejalashtirmoqda, bu esa 2028-yilga borib katodli mis ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnagacha oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, OKMK 2028-yilgacha yiliga 270 tonna kumush va 50 tonna oltin qazib oladi.

Fabrikaning qurilish qiymati $2 mlrd ni tashkil etadi. Loyihani moliyalashtirishda Gazprombank va EKSAR ham ishtirok etmoqda. Avvalroq, VEB RF OKMKga tog`-kon samosvallari va tog`-kon uskunalarini sotib olish uchun kreditlar ajratgandi.

    Boshqa yangiliklar