Andijon viloyati Buloqboshi tumanida xotinining burnini tishlab, uzib olgan erkak uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Zamon” ko`rsatuvida ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2020 yil 29 iyun kuni erkak qaynotasining uyida xotini bilan janjallashib qolgan. Mojaro davomida xotining burnini tishlab, uzib olgan va voqea joyidan qochib ketgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining 2020 yil 28 iyuldagi xulosasiga ko`ra, ayolda burun uchi va o`ng tomon burun qansharida tishlangan, yirtilgan va uzilgan jarohati (nuqson) mavjudligi, qayta tiklov operasiyasiga muhtojligi, bir necha bosqichli operasiya o`tkazish zarurligi, undan keyin ham qayta tiklangan burun uchi va qanotlarida chandiqlar qolishi aniqlangan.
Ma`lum bo`lishicha, erkak avval ham bir nechta Jinoyat kodeksi moddalari bilan jazolangan. Bu safar mazkur ishi tufayli 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sudya Inom Normatov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og`ir shikast etkazish) hamda 60-moddasi (Bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan aybdor deb topilib, 3 yil-u 1 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.