AsosiyJamiyat

Pskom GESning birinchi to`g`onini yopish ishlari boshlandi

'Pskom GESning birinchi to`g`onini yopish ishlari boshlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Pskom daryosida umumiy quvvati 1 ming 320 megavatt va yillik o`rtacha ishlab chiqarishi 3 140 million kilovatt soat bo`lgan 5 ta yirik gidroelektr stansiyasini qurish belgilangan. Bu haqda UzA yozmoqda.

Ana shunday investisiya loyihalaridan biri – Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanidagi Pskom GESidir.  

 Ta`kidlash joizki, Pskom GESi Chorvoq suv omboridan 45 kilometr tepada joylashgan. Ushbu GESning elektr energiya imkoniyati 400 MVtni tashkil etadi. Kattaligi bo`yicha bu gidro inshooti Chorvoq GESdan keyin ikkinchi o`rinni egallaydi. U yiliga 950 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.  

Bugun “O`zbekgidroenergo” AJ va uning tizimidagi tashkilotlar mas`ullari ishtirokida Pskom GESining birinchi to`g`onini yopish tadbiri o`tkazildi.  

 Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O`zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug`ani Sanginov va boshqalar mazkur stansiya qurilishi imkoniyatlari va kelgusi rejalarga to`xtalib o`tdi.  

 Tadbirda "Gidromaxsusqurilish" AJ boshlig`i Hakimjon Tag`iev bu erdagi qurilish jarayonlari yuzasidan ma`lumot berdi.  

 - Pskom daryosining gidro salohiyatidan foydalanish maqsadida texnik iqtisodiy asosnoma dastlab 1987 yilda ishlab chiqilgan, - dedi u. - Vazirlar Mahkamasining 2017-2018 yillardagi tegishli bayonnomalari asosida loyiha qidiruv-tadqiqot va dastlabki qurilish-montaj ishlari boshlandi. Mazkur loyiha qidiruv-tadqiqot ishlari “Gidroproekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan olib borilgan. Mazkur stansiya qurilishi bo`yicha Rossiya, Ukraina va Germaniya mutaxassislari xulosasi olingan.  

Ta`kidlanganidek, "Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani Pskom daryosida Pskom GESni qurish” investisiya loyihasi doirasida umumiy qiymati 799,6 million dollarlik investisiya o`zlashtirilishi belgilangan. Loyihada belgilangan ishlarning hajmi va texnologik murakkabligidan kelib chiqib, loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.  

 – Birinchi bosqich – 2018-2021 yillarda 412 million dollarga teng bo`lgan ob`ektlarni qurish, jumladan, gidrotexnika inshootlari, er osti suv o`tkazuvchi tunnellar, GES binosi va 260 kilometr uzunlikka teng elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma ob`ektlarini qurish ishlari bajarilmoqda.  

 Investisiya loyihasi bo`yicha 1-yarus suv qabul qilish inshooti, uzunligi 1 ming 288 metr bo`lgan qurilish-ekspluatasiya davrida suv o`tkazuvchi er osti tunneli, mazkur tunnelga qo`shilgan uzunligi 285 metr bo`lgan 1-2-agregatlarga suv olib keluvchi er osti tunneli va 2 ta suv o`tkazuvchi zatvorni boshqarish inshooti hamda yakuniy suv tashlash inshooti qurib bitkazildi.  

 Albatta, ushbu vaqtinchalik ishchi g`ildiraklar istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani Pskom daryosida Yuqori Pskom GESni qurish” va “Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani Pskom daryosida Mullalak GESni qurish”investisiya loyihalari doirasida qo`llanilishi mumkin.  

 Ikkinchi bosqich, ya`ni 2022–2026 yillar mobaynida 387,6 million dollarga teng bo`lgan to`g`on qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur to`g`onni barpo etish yuzasidan Pskom GESning 1-to`siq darvozasini yopish ishlari olib borilmoqda. Endilikda Pskom daryosi suvi ushbu GESning 1-to`siq darvozasi, ya`ni suv oqib o`tishi uchun qariyb 10 metrni tashkil etuvchi er osti tunneli orqali o`tkaziladi.  

 Hozirda daryodan sekundiga 280 metr kub suv oqib o`tmoqda, - dedi A.Sanginov.  

 Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, ushbu loyiha to`liq 2026 yilda foydalanishga topshiriladi hamda yiliga o`rtacha 946,1 million kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo`yicha quvvatlar yaratiladi.  

    Boshqa yangiliklar