AsosiyJamiyat

Abdulaziz Kamilov YXHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig`ilishida ishtirok etdi

'Abdulaziz Kamilov YXHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig`ilishida ishtirok etdi'ning rasmi

2021-yil 2-dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Stokgolm shahrida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 28-yig`ilishida ishtirok etdi.

Shvesiya raisligida o`tgan uchrashuvda YXHT makonida harbiy-siyosiy, iqtisodiy-ekologik va insoniy o`lchovlardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov o`z nutqida yig`ilish ishtirokchilari e`tiboriga mamlakatimizda kechayotgan demokratik o`zgarishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma`lumotlarni havola etdi.

O`zbekiston bilan YXHT o`rtasidagi hamkorlik so`nggi yillarda ijobiy sur`atlarda rivojlanayotgani, jumladan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalarida texnik yordam ko`rsatish bo`yicha loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. O`zbekiston tomoni hamkorlikni davom ettirishga hamda barcha sohalar bo`yicha dolzarb dasturlar sonini mutanosib ravishda oshirishga tayyor ekani ta`kidlandi.

Qayd etilganidek, YXHT faoliyatida iqtisodiy va ekologik omillarning ahamiyatini kuchaytirish muhim bo`lib, bu keng qamrovli xavfsizlik konsepsiyasini to`liqroq amalga oshirishga imkon beradi. Shu munosabat bilan o`zaro savdoni kengaytirish, sanoat kooperasiyasini chuqurlashtirish, agrar sektorda yangi texnologiyalarni joriy etish, tabiatni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash masalalaridagi aloqalarni faollashtirish bo`yicha kelishilgan sa`y-harakatlarni amalga oshirish zarur.

YXHTning hamkor-mamlakati sanalgan Afg`onistondagi vaziyatga alohida e`tibor qaratildi. O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri bu mamlakatda gumanitar falokatning oldini olish uchun afg`on xalqiga zarur yordam ko`rsatish yuzasidan shoshilinch choralarni ko`rishga chorladi.

Boshqa yangiliklar