Metroda voyaga etmagan qizga nojo`ya harakatlar qilgan shaxs ishini ko`rib chiqish bo`yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, 2 dekabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchi K. Sh. (1989 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan) ga nisbatan sud hukmi e`lon qilindi.
Unga ko`ra, K. Sh. 2021 yil 18 sentyabr kuni Toshkent metropoliten poezdining vagonida voyaga etmagan qiz bolaga nisbatan nojo`ya harakatlar qilgan bo`lib, Jinoyat kodeksining 129- moddasi (o`n olti yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etlikda aybli deb topildi.
Unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlangan holda 2 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida uzil-kesil o`tash uchun 1 yil 10 oy 21 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e`lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchi va jabrlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab, yigirma sutka ichida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atiga apellyasiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirishga haqliligi ma`lum qilinadi.