O`zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan "Milliy kinematografiya — Yangi O`zbekiston timsoli" kino oyligi bo`lib o`tadi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur kino oylik davomida Agentlik tomonidan turli tadbirlar, yosh kinoijodkorlar uchun mahorat darslari, badiiy va hujjatli filmlarning kinoteatrlar hamda davlat, nodavlat telekanallardagi namoyishi, taniqli kino va estrada yulduzlari uchun "qizil yo`lak", "Lolagulim", "Avf", "101 reys", "Baron 2", "Solnse na vkus", "Chegara", "Qurbon pochcha", "Ayol qalbi" kabi eng yangi filmlarning katta premerasi, yoshlar milliy festivali, "Oltin humo" milliy kinotaqdimoti, Respublika bo`ylab “Mahallada duv-duv gap – Mahallamizda yangi O`zbekistonning yangi filmlari” loyihasi doirasida kinoteatr va madaniyat markazlarida bepul filmlar namoyishi, bolalar uchun multfilmlar namoyishi, qo`g`irchoq teatri shuningdek, yangi yil bayrami munosabati bilan shou konsertlar o`tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga O`zbekiston kinematografiya agentligi tashabbusi bilan taniqli kinoijodkorlardan iborat Kinokarvon yurtimiz bo`ylab ijodiy safarga chiqadi. Bayram arafasi ular bilan uchrashuvlar, ijodiy kechalar tashkil etish belgilangan.
Kino oylik doirasida yana "Xalq yuragi" turkum filmlarining ijodkorlari bilan uchrashuvlar hamda filmlar namoyishi, “Yangi O`zbekiston-Yoshlar nigohida” filmlar taqdimoti, “Yangilanayotgan O`zbekiston yangi avlod ijodkorlari” mavzusida S.A. Gerasimov nomidagi VGIK bitiruvchilarining birinchi xalqaro konferensiyasi, “Yangi O`zbekiston va milliy kinematografiya: taraqqiyot yo`llarida kitob to`plam taqdimoti, debyut filmar namoyishi, davra suhbatlari, fotoko`rgazmalar o`tkaziladi.
2021 yilning sarhisobiga bag`ishlangan kino oylik doirasida o`tkaziladigan tadbirlar, davra suhbatlari, milliy taqdimotlar, namoyish etiladigan sara filmlar tomoshabinlar uchun munosib bayram tuhfasi bo`lishi kutilmoqda.
Ma`lumot uchun, yangi yil bayrami munosabati bilan Kinematografiya agentligi tomonidan o`tkazilayotgan kino oyligi 2022 yil 14 yanvargacha davom etadi.