AsosiyJamiyat

SSV markaziy apparati xodimlarining 40 foizi o`z vazifasidan ozod etildi

'SSV markaziy apparati xodimlarining 40 foizi o`z vazifasidan ozod etildi'ning rasmi

Bugun Sog`liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari Hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi. U o`ta keskin ruhda kechib, tizimda har bir yo`nalish bo`yicha yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy tahlil etildi.

Ta`kidlanganidek, keyingi paytlarda xalqimizning tibbiyot sohasidan norozi ekanligi haqida Sog`liqni saqlash vazirligiga juda ko`p shikoyatlar kelmoqda. Chunki tizimda hal qilinishi lozim bo`lgan muammolar ko`p. Ayniqsa, aksariyat hududlarda tibbiy xizmat sifati hanuz talab darajasida emas.  

Sohada byurokratik to`siqlar va korrupsion holatlar, afsuski, saqlanib turibdi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda mutasaddilar hamda jamoatchilik vakillari bilan muloqotlarda bu haqda qayta-qayta to`xtalib o`tmoqda.

Masalan, joriy yilning o`tgan 11 oyida Sog`liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan jami murojaatlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga ko`payib, 57 600 tani tashkil etgan. Ularning eng katta qismini sifatsiz tibbiy xizmat ko`rsatish bilan bog`liq masalalar tashkil etadi.  

Eng achinarlisi, aholi ko`p hollarda joylarning o`zida hal bo`lishi mumkin bo`lgan oddiy masalalar uchun ham Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari, Bosh vazirning virtual qabulxonasi, Bosh prokuratura va boshqa mas`ul idoralarga murojaat qilishga majbur bo`lmoqda.

Yurtdoshlarimiz o`rtasida ayrim kasalliklar ko`rsatkichlari yil sayin oshib borayotgani ham achinarlidir. Xususan, so`nggi besh yilda yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish holatlari 20 foizga ko`paygan.  

Qolaversa, bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya bo`lgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi etishmasligi oqibatida diabetning og`ir asoratlari – ko`z, buyrak va to`piq kasalliklari bo`yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan.

Tibbiyotda davlat xususiy sherikchilik munosabatlari, tibbiy sug`urta, lisenziyalash, akkreditasiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish, sohani raqamlashtirish yo`nalishlarida ishlar etarli darajada tashkil qilinmanganligi tufayli ko`zlangan natijalarga erishilmayapti.  

Bularning barchasi sog`liqni saqlash sohasi boshqaruv tizimida bugungi zamon talablariga mos, yangicha fikrlovchi, tashabbuskor, muammoli masalalar echimiga professional va kreativ yondashadigan kadrlar etishmasligi bilan bog`liq.

Shundan kelib chiqib, Sog`liqni saqlash vazirligi markaziy apparatining o`z faoliyatida natija bermagan 40 foiz xodimlari vazifasidan ozod etildi va ularga quyi bo`g`in tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilindi.  

Vazirlik doirasida boshlangan kadrlarni yangilash islohoti kelgusida viloyat sog`liqni saqlash boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari, umuman, mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olishi ko`zda tutilgan. Mazkur jarayonda aholidan kelib tushayotgan e`tiroz va shikoyatlar asosiy mezon bo`ladi.

Yig`ilishda ushbu masala atroflicha muhokama etilib, buning uchun vazirlik qoshida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o`rganish, ularga oqilona echim topish maqsadida alohida guruh tuzilgani qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar