AsosiyShou-biznes

Nega marhum xonanda Shahnozabonu konsert reklamasiga kiritildi?

Yil boshidan konsertlar mavsumi boshlanadi. “Kimdir atirgul shaydosi, kimdir lola”, deganlaridek, tomoshabin ham hamyonni to`ldirib, kassaga yo`l olishdan avval konsert banner, plakatini sinchkovlik bilan ko`zdan kechiradi. Gap gala-konsert borasida ketganida, tomoshabin banner, plakatdan­xonandalarning guldastadek terilgan rasmlari orasidan ko`ngliga yaqinini izlay boshlaydi. Biz bejiz bu haqda so`z ochmadik. Boisi, kuni kecha tahririyatimizga qo`ng`iroq qilgan muxlisning shikoyati e`tiborimizni tortdi. Muxlisning iltimosiga ko`ra uning ism-familiyasini oshkor etmadik…

— Ishxonamizga odatdagidek chiptalar olib kelishdi. Kimning konsert dasturi ekan, deya qiziqib konsertning plakatiga nazar tashladim. 22-23 may kunlari “Turkiston” yozgi saroyida o`tadigan “Poytaxt navolari” nomli konsert ekan. 29 nafar san`atkorning rasmi joylangan. Ular orasida anchadan buyon sahnada ko`rinmayotganlari ham bor edi. Birdan marhum xonanda Shahnozabonuning rasmiga ko`zim tushib, lol bo`lib qoldim. Bilsam, chiptalar bir oydan buyon sotilayotgan ekan. Va shu zahoti “Darakchi” tahririyati bilan bog`lanishga qaror qildim…

Muxlis murojaatini tekshirish maqsadida konsert plakatini izlab topdik. Shikoyat bejiz emasligi o`z isbotini topdi. To`g`ri, ish bor erda xato bo`ladi, lekin bu darajada emas! Plakat yilning boshida tayyorlangan taqdirda ham 14 martda vafot etgan xonanda Shahnozabonuning rasmini olib tashlab, plakatni qayta chop etish shart va zarur edi.

Masalani chuqurroq o`rganish maqsadida, “Turkiston” saroyining kassasiga qo`ng`iroq qildik, biroq qo`ng`iroqqa hech kim javob bermadi. So`ng saroyning xodimlar bo`limi bilan bog`langanimizda xodimlardan biri “Kassaning telefoni ishlamayapti”, deya chindan ham 22-23 may kunlari “Poytaxt navolari” nomli konsert qo`yilishini aytdi.

Shunda “Xonandalarning konsertda ishtirok etishidan xabari bormikan?” degan haqli savol tug`ildi. Va erinmay plakatdan rasmlari joy olgan xonandalarga qo`ng`iroq qilib ko`rdik. Anvar G`aniev, Alijon Isoqov, Bahrom Nazarov, Sardor Mamadaliev, “Ummon” guruhi, Kaniza konsert haqida umuman ma`lumotga ega emasligini aytishdi. Munisa Rizaevadan “O`sha kunlari Namanganda gastrolda bo`lamiz, siz aytayotgan konsertdan xabarimiz yo`q”, degan javobni oldik. Ulug`bek Rahmatullaev 22-23 mayda boshqa tadbirda band ekanini ma`lum qildi. Shohjaxon Jo`raev esa o`sha kunlari viloyatda xalq xizmatida band ekan. Otabek Mutalxo`jaev, Yodgor Mirzajonovning prodyuseri esa hali konsertda ishtirok etish uchun rozilik berishmaganini ta`kidladi. Xonandalar Husan, Hilola Hamidova, “ELDIDO” va “Surxon” guruhlari, Vohidjon Isoqov, Sherbek, Farhod va Shirin konsertda ishtirok etishlarini aytishdi.

Shundan keyin haqli savollar tug`ildi. Qiziq, konsert berish vaqti, plakat ommaga taqdim etilishidan avval xonandalar bilan bog`lanib, konsert haqida kelishib olinishi kerakmasmi? Yo tashkilotchi avval chipta sotib, so`ng konsertda qaysi xonandalar qo`shiq kuylashini aniq qiladimi? Yoki tomoshabinni plakatdagi san`atkorlarning rasmlari bilan aldab, chipta sotib, sanoqligina xonanda bilan konsert o`tkazadimi? Bu harakati bilan tashkilotchi kimni aldayapti, tomoshabinnimi yo o`z vijdonini?

Oxiri ko`rinmaydigan savollarimizga javob olish maqsadida avvalo konsert tashkilotchisi Rahmatilla Akbarov bilan bog`landik.

— 22-23 may kunlari konsert taqdim etayotgan ekansiz. Dasturda kimlar ishtirok etadi?

— “Poytaxt media” tashkilotining taqdimot konsertini o`tkazyapmiz. 20 dan oshiq san`atkor ishtirok etadi. Sherbek Shodiev, Husan, Farhod va Shirin, “ELDIDO” guruhi, G`ayrat Usmonov, “Ummon” guruhi, Sardor Mamadaliev, Alijon Isoqov, Hilola Hamidova, Sharof Muqimov, Yodgor Mirzajonov, Otabek Mutalxo`jev, Dilnoza Akbarova, Nilufar Saidova, Dildora Niyozova, Oybek va Nigora, Qilichbek Madaliev konsertda qo`shiq kuylaydi. Yana ba`zi xonandalar bilan gap­lashganmiz, o`sha kunlari vaqti bo`lsa kelishadi, jumladan Ziyoda Qobilova ham kelishi mumkin. (Oybek va Nigora bilan bog`langanimizda konsertdan xabari yo`qligini aytdi. Qilichbek Madaliev esa o`sha kunlari konsertda ishtirok etishga vaqti yo`qligini bildirdi. - S.A.)

— Konsert chiptalari bir oydan beri sotilayotgan ekan-a?

— Bir oy emas-u, ikki haftadan buyon sotilyapti.

— Konsert qo`yish uchun ruxsatnoma olganmisiz?

— Ha.

— Lekin “O`zbeknavo” estrada birlashmasining Konsert tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasidan konsert qo`yish uchun ruxsatnoma olib, dasturda kimlar ishtirok etishi tasdiqdan o`tkazilmagan-a?

— To`g`ri, bu hujjatlarni “O`zbeknavo” estrada birlashmasiga endi topshiramiz.

— Unda chipta sotishga kim ruxsat berdi?

— Kim sizga chipta sotilyapti, dedi?

— Yuqorida ikki haftadan buyon sotilayotganini ta`kidladingiz-ku!

— Ha, sotilyapti. (Sukut saqlab, savolga javob bermadi).

— Konsert banneri chiqqanmi?

— Yo`q, banner uchun ruxsatnoma olish kerak-ku.

— Lekin chiptalar tashkilotlarga olib borilayotganida plakat ko`rsatilayotgan ekan-ku?

— Konsertda kimlar chiqishi aytilganda...

— Demak, konsert plakatida qaysi san`atkorlarning rasmlari turganidan xabaringiz bor-a?

— Xabarim bor, albatta.

— Plakatda Shahnozabonuning ham suratini ko`rdik...

— Shahnozabonu bilan hayotligida shartnoma tuzgandik.

— Nega plakatni yangilamading­lar?

— O`sha vaqtda 100 ta chiqarilgandida. Shunga chiptalar eski plakat bilan sotilyapti. Hozirgisida Shahnozabonuning rasmini olib tashlaganmiz.

Tashkilotchining yuqoridagi javoblaridan xulosa chiqarish o`zingizga havola…

Shu o`rinda “O`zbeknavo” estrada birlashmasining Konsert tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Qobil Yo`ldoshev bilan ham bog`landik.

— Qobil aka, tashkilotchi konsert qo`yishidan avval “O`zbeknavo” estrada birlashmasidan ruxsatnoma oladimi?

— Albatta! Bir martalik konsert o`tkazish uchun ruxsatnoma olinishi kerak. Buning uchun konsert ssenariysi, dasturda kimlar ishtirok etishi, qanday mazmundagi qo`shiqlar ijro etilishi ko`rib chiqiladi.

— Banner, plakatdan o`rin olgan xonandalarning konsertdagi ishtiroki nazorat qilinadimi?

— Albatta!

— 22-23 may kunlari “Turkiston” yozgi saroyida o`tadigan “Poytaxt navolari” nomli konsertdan xabaringiz bormi?

— Xizmat safaridan endi qaytdim. Agar tashkilotchi bizga xat bilan murojaat qilgan bo`lsa, o`rnatilgan tartibda ssenariysini topshiradi. Va komissiya ko`rib chiqib, xulosaga ko`ra ish tutiladi.

— Tashkilotchi bilan gaplashganimizda hali hujjatlarini sizlarga taqdim etmaganini aytdi. Lekin chiptalar sotilayotgan ekan?

— Demak, noqonuniy ish qilyapti. Ruxsatnoma olmay turib, chipta­ sotishga haqqi yo`q. Bu “Reklama­ to`g`risida”gi qonunga xilof. “O`z­bek­navo”dan ruxsatnoma olgani “Konsert qo`yish mumkin”, degani emas. Ssenariyning tasdiqlanganligi, konsert o`tkaziladigan joyning tayyorgarligi to`g`risida, bizni tashkilot bergan bir martalik ruxsatnoma tegishli komissiyaga taqdim etilganidan so`nggina konsert qo`yishga ruxsat beriladi. Undan keyin reklama qilib, chipta sotishi mumkin bo`ladi.

— Plakatdagi marhum Shahnozabonuning rasmini ko`rganingizda siz ham hayratlangan bo`lardingiz. Hatto, rasmi plakatdan joy olgan ko`pchilik xonandalarning yuqorida ta`kidlangan konsertda ishtirok etayotganidan xabari ham yo`q...

— Sizni tushundim. Tashkilotchi sahnaga chiqarmoqchi bo`lgan xonandalarning lisenziyasi bor yo yo`qligini tekshirishimiz shart. Qaysi san`atkorlarning konsertda ishtirok etishi shundan keyin ma`lum bo`ladi. Tashkilotchini chaqirib, masalaga oydinlik kiritamiz. Agar rostdan chipta tarqatilgan, sotilgan bo`lsa qonun doirasida chora ko`ramiz.

Nazarimizda ortiqcha izohga hojat yo`q. Muxlislar “Falon gala-konsertga borgandik, falonchi qo`shiqchi kelmadi-ku?”, degan xonandalarga nisbatan e`tirozli savollariga javob topishgan bo`lsa, ajabmas. Ko`pincha bu jarayonda xonandalarning emas, tashkilotchilarning “xizmat”i katta bo`ladi! Mazkur maqola ba`zi tashkilotchilar, nomlari plakatlarda turganidan bexabar san`atkorlar va, albatta, “Sevimli xonandamni ko`raman”, deya peshona teri bilan topgan mablag`iga chipta sotib olib konsertga tushadigan muxlislarni ham hushyor torttirgan bo`lsa, ajabmas!

Darvoqe, “Turkiston” saroyi rahbariyati kassaning telefonini tez fursatlarda ishlashini ta`minlaydi, degan umiddamiz. Undan avval esa kassada o`tiradigan xodimlarning ish vaqtida ish joyi­da o`tirgan yo yo`qligini ham bir nazorat qilishsa maqsadga muvofiq bo`lardi. Boisi, biz kassaga borganda muxlislar anchadan beri hech kim yo`qligini aytib shikoyat qilishdi, birgalikdagi kutishlarimiz ham besamar ketdi...

R/S: Gazeta sahifalanayotgan kunda (22 aprel) “Turkiston” saroyining kassasiga qo`ng`iroq qildik, go`shakka hech kim javob bermadi. So`ng saroyning boshqa raqamiga qo`ng`iroq qilib, mazkur konsertga chipta sotilmayaptimi, deb so`raganimizda, tashkilotchining raqamini berib, chipta masalasida o`zi bilan gaplashishimizni aytdi. Biz esa “O`zbeknavo” estrada birlashmasining Konsert tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Qobil Yo`ldoshev bilan qayta bog`landik. Va tashkilotchiga tarqatilgan plakatlarni qaytarib olishi aytilgani va tegishli hujjatlarni taqdim etgandan so`nggina mazkur konsert dasturini o`tkazishga ruxsat berilishi ma`lum bo`ldi.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar