So`nggi kunlarda o`qituvchilardan joylarda tekshiruvlar avj olgani, xususan turli hujjatlar taqdim etish talab etilayotgani yuzasidan turli murojaatlar kelib tushmoqda.
Murojaatlarni o`rganib chiqib Xalq ta`limi vazirligi maktablarda tekshiruvlar amalga oshirish bo`yicha hech qanday ko`rsatma berilmaganini ma`lum qiladi. Xalq ta`limi vazirligi tomonidan hududiy xalq ta`limi boshqarmalariga umumta`lim muassasalaridagi mavjud holat va muammolarni o`rganib, ularni bartaraf etish uchun maktab jamoasiga yordam berish topshirilgan.
Vazirlik umumiy o`rta ta`lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo`yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to`g`risidagi yo`riqnoma»ga muvofiq (Adliya vazirligidan 2020 yil 29 iyunda 3058-I raqam bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) o`qituvchilar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni bittagacha (faqat sinf jurnali (jumladan, elektron ravishda kundalik.com tizimi orqali) qisqartirilganini eslatib o`tadi.
Shu bois maktabda o`qituvchilardan faqat sinf jurnali(elektron kundalik joriy etilgan maktablarda elektron shaklda)dan boshqa hujjatlarni talab etish qat`iyan ma`n etilishi haqida qat`iy ogohlantiradi.
Shu o`rinda ta`lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o`z xizmat vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilish O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 197-5-moddasi, shuningdek mansab vakolatini suiiste`mol qilish O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 205-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilishini eslatib o`tamiz.