Samarqandda dunyoga mashhur “Warner Brothers” telekompaniyasi tomonidan “The Worldʼs Dangerous Roads” (Dunyoning xavfli yo`llari) turistik teleshousini suratga olish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Loyihani suratga olish ishlari O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi ko`magida tashkil etildi. Ko`rsatuv prodyuserlari O`zbekistonning xorijiy auditoriya tomoshabinlarga tanish bo`lmagan tog`li hududlarini namoyish etishga alohida e`tibor qaratishdi. Teleko`rsatuv mavzusiga ko`ra, gollandiyalik ikki mashhur tele- va kino aktrisalar Esmi van Kampen va Xanna van Vliet O`zbekiston bo`ylab sayohat qilishadi. Qiyinchiliklar va mashaqqatli yo`llarni bosib o`tgan dastur qahramonlari mahalliy aholi madaniyati va hayoti, diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo`lishdi.
“Ko`p yillik tajribamizga ko`ra, O`zbekistonda suratga olish jarayoni, boshqa mamlakatlarga nisbatan yana-da uyushqoq, lo`nda va tartibli tarzda o`tdi. Ish jarayonida hech qanday muammoga duch kelmadik va hamkorlikda amalga oshirilgan loyihamizdan mamnunmiz. Boshqa suratga olish guruhlarini ham biz kabi O`zbekistonga tashrif buyurishini tavsiya qilaman”, - dedi ko`rsatuv prodyuseri Manon van Vugt.
Ko`rgazma ishtirokchilari viloyat markazi Zomin va Zomin milliy tabiat bog`ida bo`lishdi. Beshkub va Dugoba qishloqlarida ular milliy taom “tandir-go`sht” va Zominning o`ziga xos noni bilan tatib ko`rishdi. Ko`rsatuv qahramonlari “Zomin” sanatoriyasida tunab, ushbu majmuaning o`ziga xos tarixi bilan tanishishdi.
Zomin-Baxmal yo`li bo`ylab harakatlangan “Varner Brothers” kompaniyasi avval yopilgan marshrutni obektiv orqali namoyish etgan birinchi yirik jahon telekompaniyasiga aylandi. Shou ishtirokchilari «Aydarkul» ko`l bo`yidagi yurta oromgohida bo`lib, xalq musiqasi bilan yaqindan tanishishdi hamda “ko`pkari” o`yini ishtirokchisiga aylanishdi.
Ertasi kuni Esmi van Kampen va Xanna van Vliet Nurota tog`lari orqali o`tadigan murakkab yo`lni, ko`rish imkoni past sharoitda va qoplamasiz tog` izidan o`tishdi. Dastur Samarqand shahridagi Registon maydonida “Rahmdillik” nodavlat notijorat tashkiloti faoliyati bilan tanishish bilan yakunlandi.
Ko`rsatuv Niderlandiya auditoriyasi uchun mo`ljallangan hamda 2022 yilda efirga uzatiladi.






