2021 yil 15 dekabr kuni Toshkent shahrida 20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni hamda 8 dekabr – O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kunga bag`ishlangan “Bolalarga bering dunyoni” va “Konstitusiya – mening nigohimda” tanlovlari g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`ldi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.
Onlayn tanlovlar Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“Bolalarga bering dunyoni” tanloviga o`quvchi-yoshlar tomonidan jo`natilgan 500 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq g`olib va sovrindorlar aniqlandi.
Xususan, “Bola huquqlariga oid eng ta`sirli videorolik” yo`nalishi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi to`garagi a`zosi Beksultan Nzamatdinov birinchi o`ringa loyiq deb topildi.
Shuningdek, “Bola huquqlariga oid eng ma`noli chizilgan rasm” yo`nalishi bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi to`garagi a`zosi Gulasen Allanova birinchi o`ringa sazovor bo`ldi.
O`z navbatida, “Konstitusiya – mening nigohimda” onlayn tanloviga mamlakatimizning barcha hududlaridan o`quvchi-yoshlar tomonidan jo`natilgan 700 dan ortiq ijodiy ish orasidan mutlaq g`olib va sovrindorlar aniqlandi.
Birinchi o`rin Namangan viloyati, Davlatobod tumani, 58-umumiy o`rta ta`lim maktabining 7-sinf o`quvchisi Saidkomil Komiljonovga nasib etdi.
Tanlov g`oliblari sertifikat va qimmatli sovg`alar, jumladan, planshet, telefon, smart-soatlar bilan taqdirlandi. Tanlovda faol ishtirok etgan o`quvchi-yoshlar ham sertifikat va kitoblar to`plami sohiblariga aylandilar.
Mazkur tanlovlar bolalarning o`z huquq va erkinliklarini, Konstitusiyani bilish darajalarini namoyon qildi. “Konstitusiya – mening nigohimda” onlayn tanlovi yoshlarning Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyatidan yaxshi xabardor ekanini ko`rsatdi. Eng muhimi, bolalarimizning huquqiy bilimlarini oshirish va bu boradagi ko`nikmalarini rivojlantirish istagi kuchli ekani yaqqol namoyon bo`ldi.
Tanlov ishtirokchilari va g`oliblari tomonidan ta`kidlanganidek, har ikki tanlov yurtimiz yoshlarida katta taassurot qoldirdi va ularning o`z huquqlari va Konstitusiya to`g`risidagi bilimlarini yaxshilashga xizmat qildi. Shuning uchun bunday tanlovlar kelgusida ham o`tkazilishi maqsadga muvofiqdir.






