AsosiyJamiyat

O`zbekistonda hayvonlarga nisbatan yana bir shafqatsizlik aniqlandi

'O`zbekistonda hayvonlarga nisbatan yana bir shafqatsizlik aniqlandi'ning rasmi

“Mehr va Oqibat” nodavlat tashkiloti O`zbekiston Respublikasi IIVga chora ko`rishni so`rab murojaat qilgan.
 

“Mehr va oqibat” nodavlat tashkilotining “Ishonch telefoni”ga Toshkent shahrida yashovchi fuqarodan videoxabar yuborilgan. Videoda itlar jangi va ularga nisbatan qilingan shafqatsizliklar aks etgan.

14 soniyalik videoda o`rta yoshli erkak tirik it orqa oyoqlarini bog`lab zanjir yordamida daraxt shoxiga ilib tersini shilgan. Qonga belangan it orqa oyoqlaridagi etishmayotgan terisini og`riqdan yalashga harakat qilayotgan vaqt erkak tayoq bilan itning bosh qismiga zarba bergan. Shundan so`ng qolgan tersini shilish bilan birga itning hushini yo`qotishini bir necha soniya kutgan. It osilgan xolda ayanchli o`lim topgan.

1 daqiqa davom etadigan ikkinchi videotasvirda o`smir yigit itni bo`yin qismidan arqon bilan bog`lab, futbol darvozasi ustuniga osib qo`ygan. Arqondan bo`g`ilib hushidan ketgan it ham bosh va tana qismiga tushgan zarbalardan ayanchli o`lim topgan.

Ushbu videolarni yuborgan murojaatchi keyinroq “Mehr va oqibat” nodavlat tashkilotiga ariza bilan murojaat qilib chora ko`rishni so`ragan.

Qabul qilingan ariza va mavjud video dalillar, shuningdek, Telegramdagi guruhlardan kelgan havolalar asosida “Mehr va Oqibat” nodavlat tashkiloti tomonidan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga chora ko`rishni so`rab murojaat qilgan. Endilikda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`lgan shaxslar, shuningdek, shafqatsiz munosabatda bo`lishni targ`ib qiluvchi shaxslar yuridik javobgarlikka tortiladilar.

Avvalroq voyaga etmagan bolaning mushukka nisbatan g`ayriinsoniy munosabatda bo`lgani hamda O`zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik jinoiy javobgarlikka sabab bo`lishi haqida xabar berilgandi. 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar