Joriy yil yakunlari bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasini Vazirlar Kengashining raisi Qahramon Sariev joriy yil yakunlari hamda 2022 yilgi rejalar to`g`risidagi hisobot ma`ruzasini o`qib eshittirdi.
Qahramon Sarievning hisobotida, 2022-2026 yillarda asosiy e`tibor qaratiladigan yo`nalishlarning vazifa va maqsadli parametrlari belgilab olingan. Rejaga ko`ra bu davrda iqtisodiy va ijtimoiy sohani keng rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, munosib uy-joy va yashash sharoitlarini yaratish, qishloq xo`jaligini kafolatli suv bilan ta`minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va boshqa masalalar ham qamrab olingan.
Xususan, kelgusi 5 yilda:
- 288 mingdan ziyod doimiy ish o`rinlari yaratish orqali, Qoraqalpog`istonda kambag`allikni 3 baravarga qisqartirish eng ustuvor vazifalardan biri bo`ladi.
- Umumiy qiymati 5 milliard 100 million dollarlik 2 mingdan ziyod investisiya loyihalari amalga oshiriladi. Hududlarda 45 ta yangi kichik sanoat zonasi barpo etiladi.
- Hududning eksport hajmlari kamida 4 barobarga oshirilib, 500 million dollarga etkaziladi.
- 70 ming gektar er maydonlari qayta foydalanishga kiritilib, meva-sabzavotchilik va chorvachilik uchun ochiq tanlov asosida ajratiladi.
- 100 ming gektar er maydonining suv ta`minotini va 120 ming gektarda meliorativ holatni yaxshilash, sho`rlangan erlarni 24 ming gektarga kamaytirish choralari ko`riladi.
- Go`sht, sut, tuxum va baliq etishtirish hajmi 2 barobarga oshiriladi.
- Orolning qurigan hududida yana 1 million gektar o`rmonzor va butazorlar barpo etiladi. Shahar va tumanlar markazida jami 280 gektar maydonda jamoat parklari va yashil maydonlar tashkil etiladi.
- 2,6 ming kilometr ichimlik suv tarmog`i tortilib, 70 ta suv inshooti barpo etish orqali, toza ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasi 65 foizdan 90 foizga etkaziladi.
- 236 million dollarlik loyihalar hisobiga, 440 km kanalizasiya tarmog`ini qurish orqali, oqova suv tizimi qamrovi 16 foizdan 55 foizga etadi.
- 7 trillion so`m mablag`lar hisobiga 5 ming kilometr yo`llar quriladi va ta`mirlanadi. Shuningdek, 500 milliard so`m mablag` hisobidan 370 ta ko`prik to`liq ta`mirlanadi.
- Maktabgacha ta`lim bilan qamrov darajasi 71 foizdan 87 foizga etkaziladi. Buning uchun, yangi 40 ta davlat va xususiy, 525 ta oilaviy bog`chalar tashkil etiladi, 73 ta davlat bog`chasi rekonstruksiya qilinadi va yana 40 ming nafar bolajonlarga bog`chaga borish imkoniyati yaratiladi.
- 55 ta yangi maktab, 187 ta maktab uchun qo`shimcha o`quv binolari qurish va 135 ta maktablar kapital ta`mirlanadi.
- Qoraqalpog`istonda 5 ta nufuzli oliygoh va xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga etkaziladi (hozirda
26 foiz).
Sardorbek Rahmonqulov






