Joriy yil 9-20-dekabr kunlari Italiyaning Keti shahrida 2004-2005-yillarda tug`ilgan o`smirlar o`rtasida gandbol bo`yicha “ABRUZZO CUP-2021” xalqaro turniri o`tkazildi. Italiya gandbol federasiyasi tomonidan uyushtirilgan ushbu nufuzli musobaqada O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Xalqaro turnirda hamyurtlarimizdan tashqari Portugaliya, Serbiya, Polsha kabi xorijiy davlatlar, shuningdek mezbon Italiya o`smirlar terma jamoasi hamda Italiyaning hududiy klublar terma jamoalari g`oliblik uchun bahs olib borishdi.
Yosh gandbolchilarimiz turnir mobaynida jami 9ta uchrashuv o`tkazib, ularning barchasida zafar quchishdi. Jumladan, vakillarimizga biroz jiddiy qarshilik taqdim etilgan Italiya o`smirlar terma jamoasiga qarshi o`yinda hamyurtlarimiz 38:27 hisobida g`alabaga erishdi. Qolgan barcha o`yinlarda o`zbekistonlik yosh gandbolchilar raqiblarini kamida 20ta to`p farqi bilan mag`lub etishgan. Yakunda hamyurtlarimiz “ABRUZZO CUP-2021” sohibiga aylanishdi.
Musobaqada vakillarimizdan G`ayrat Baratov, Davron Bozorboev, Behruz Yakubov singari umidli yoshlar barchada iliq taassurot qoldirishdi va xalqaro turnirning eng yaxshilari qatoridan joy oldi.
Ta`kidlash kerak, O`zbekiston o`smirlar terma jamoasining o`zagini Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchilari tashkil etishadi. Bugun vakillarimiz Italiya safaridan qaytib kelishdi.