Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida Uzbekistan GTL zavodining ochilish marosimida bo`lib o`tishi haqida xabar bergan edik.
Uzbekistan GTL zavodining qiymati 3 milliard 420 ming AQSh dollari, binolar maydoni 135 gektar. Qurilishda bir vaqtning o`zida 13 mingdan ortiq muhandis va ishchilar qatnashgani bu erda naqadar keng ko`lamli ishlar bajarilganini ko`rsatadi.
Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan, xolos.
Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin etakchi korxonalarda tayyorlangan 10 mingdan ziyod uskunalar o`rnatilgan. Texnologik echimlar, uskuna va jarayonlarni qo`llash uchun 140 ta xalqaro lisenziya va patentlar olingan. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob.
Zavod yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlab, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg`isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega. Yana shunday texnologik imkoniyat borki, majmua beshta rejimda ishlay oladi. Qaysi mahsulotga ko`proq buyurtma bo`lsa, shunga moslashib, o`sha tovar hajmi oshiriladi.
Prezident mutasaddilarga geologik qidiruv ishlarini chuqurlashtirib, bu erdagi zavodlar uchun xomashyo zaxirasini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
- Bu tarmoqda hali rejalarimiz ko`p. Ularga kafolatlangan xomashyo kerak. Ilgari konni topdik - sotdik. Hozir o`zimizda qayta ishlab, xalqimizga manfaat keltirishga harakat qilayapmiz. Kelajakda bu erdagi mahsulotlarga talab oshib boradi. Dunyo «yashil iqtisodiyot»ga o`tayapti. Shuning uchun yangi geofizik uskunalardan foydalanib, geologik tadqiqotlarni chuqurlashtirish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Bunday ulkan inshootning ishlashi uchun, albatta, katta hajmda energiya zarur. Zavodda bu borada mustaqil tizim barpo etilgan. Ya`ni, ish jarayonida hosil bo`ladigan bug`dan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi olinadi. Bu orqali zavod o`zini o`zi elektr bilan ta`minlaydi. Shuningdek, yaqindagi Sho`rtan gaz-kimyo majmuasi va endi quriladigan korxonaga ham quvvat etkazib beradi. Buning evaziga tejalgan elektr energiyasi xonadonlar va tadbirkorlarga yo`naltiriladi.
Davlatimiz rahbari zavodning boshqaruv markazida bo`ldi. U erda ishlab chiqarish, monitoring va xavfsizlikni ta`minlovchi butun tizim boshqarib boriladi. Uni amerikaning Honeywell korporasiyasi treningida malaka oshirgan yoshlar ishlatmoqda.






