Prezident Shavkat Mirziyoev yangi zavod qurilishi haqida gapirdi:
"To`g`risi, biz GTL loyihasini boshlaganimizda, ko`pchilik buni uddalashimizga shubha bilan qaragan edi.
Lekin, biz qat`iy intilish va mashaqqatli mehnatimiz bilan, barchamiz birgalikda murakkab sinov va qiyinchiliklarni engib o`tib, mana shunday yangi va zamonaviy, yuqori texnologik majmuani barpo etishga erishdik. Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida xorijdan mutaxassis va uskunalar keltirish, qurilish maydonida 10 mingdan ortiq ishchining sog`lig`i va xavfsizligini ta`minlash, albatta oson bo`lgani yo`q.
Ammo, hamjihatlik bilan o`z vaqtida amalga oshirgan zarur chora-tadbirlarimiz natijasida, ushbu muhim loyiha bo`yicha ish pandemiya davrida ham biror kun to`xtamadi.
Mehnatkash, serg`ayrat va fidoyi quruvchi va muhandislar, tajribali mutaxassislar, minglab matonatli ishchilar karantin talablariga qat`iy amal qilib, uzoq vaqt oilasi, yaqinlaridan olisda ishlab, haqiqiy qahramonlik namunasini ko`rsatdi", dedi davlatimiz rahbari.






