Shu yilning 4 yanvar tongida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani Anorzor mahallasida yashovchi 27 yoshli Maftuna Toshpo`latova birvarakayiga 3 nafar egizakning onasiga aylandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, Guliston shahar tibbiyot birlashmasining akusherlik kompleksida chaqaloqlarning sog`lom tug`ilishi uchun alohida mutaxassislar va zarur tibbiy jihozlar hozirlandi.
Kesarcha usulida, asorasiz o`tkazilgan tug`uruq amaliyoti natijasida 2,9 va 2 kilogrammlik ikki nafar qizaloq hamda 3 kilogrammlik o`g`il bola dunyoga keldi. Egizaklarga Madinaxon, Muhammadziyo va Muslimaxon deb ism qo`yildi.
Ayni paytda go`daklarning ahvoli qoniqarli. Shifokorlar ularning zarur vitaminlar hamda ona suti bilan oziqlanishiga bosh-qosh bo`lib turibdi.