7 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Buxoro shahridagi 123-maxsus maktab-internati sobiq direktorining ishga tiklanishi jamoada e`tirozlarga sabab bo`lganligi haqidagi xabarlar tarqatildi.
Ushbu holat bo`yicha viloyat xalq ta`limi boshqarmasi qo`yidagilarni ma`lum qildi:
Eshitishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ushbu internatning sobiq rahbari H. S. 2017 yildan 2021 yilning 7 oktyabriga qadar muassasada direktorlik lavozimida faoliyat yuritgan.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro viloyati boshqarmasining 2021 yil 7 oktyabrdagi taqdimnomasiga asosan H.S. viloyat xalq ta`limi boshqarmasi buyrug`i bilan lavozimidan ozod qilingan.
H.S. lavozimidan ozod qilingach, Fuqarolik ishlari bo`yicha Buxoro tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Fuqarolik ishlari bo`yicha Buxoro tumanlararo sudining 2021 yil
23 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan H.S o`z lavozimiga qayta tiklangan.
Joriy yilning 7 yanvar kuni Buxoro viloyati xalq ta`limi boshqarmasining mas`ul xodimi hamda sud qarorlari ijrosini ta`minlash departamenti vakili sobiq direktorni o`z lavozimiga qayta tiklanganligini ma`lum qilish uchun borishganida, muassasaning ayrim pedagog-tarbiyachilari tomonidan bunga e`tiroz bildirilgan va holat videoga olinib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatilgan.
Xalq ta`limi boshqarmasi mas`ul xodimlari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida vaziyat bartaraf etilib, ayni paytda H. S. direktor o`z faoliyatini davom ettirmoqda.






