Bugun "Paxtakor" bosh murabbiy Slavche Voyneski bilan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.
""Paxtakor"dek jamoaga kelganimdan xursandman. "Paxtakor" nafaqat sovrinlar, balki har taraflama O`zbekistondagi eng katta klub. Murabbiy uchun bunday klubda ishlash juda katta mas`uliyat. Biz Superliga, O`zbekiston Kubogi va Superkubokda zafar quchishga intilamiz. Deyarli 40 kundan so`ng Superkubok bilan mavsumni boshlaymiz. Chempionlar Ligasida ham yaxshi ishtirok etishga intilamiz. Sovrinlar o`z yo`liga, biz O`zbekistonda eng yaxshi va hujumkor futbolni namoyish qilishimiz kerak. Yaxshi o`ynasak, bu bilan milliy terma jamoaga ham yordam beramiz.
"Paxtakor" va o`zbek futboli ba`zi ma`lumotlardan xabardor edim. Shogirdim Stevisa Ristich o`z paytida "Bunyodkor"da o`ynaganini bilaman. So`nggi olti oyda o`zbek futboli haqida ko`p ma`lumotlarni o`rgandim. Biz hujumkor futbol ko`rsatishga urinamiz. Yuz foiz. Biz doim hujum qilishimiz lozim. Bunga va`da beraman.
Mashg`ulotlarda futbolchilar juda yaxshi ishlashmoqda. Sakkiz nafar o`yinchi milliy terma jamoa tarkibiga jo`nab ketgan. Yoshlar bor kuchlari bilan mehnat qilishmoqda.
Butun dunyoda koronavirus bilan bog`liq paytda klublar rahbariyatiga oson emas. Bunday holatga moslashish kerak. "Paxtakor"dan ba`zi etakchilar ketishdi, lekin tarkibda yaxshi saviyadagi ijrochilar jamlangan. Yana ba`zi kuchayishlar bo`lishi mumkin. Yaxshi ishlagan taqdirimizda mavsum oxirida ijobiy kayfiyatda bo`lamiz.
Biz futbolchilar qidirish ishlarini davom ettiryapmiz. Mavsum boshlanguncha 1-2 nafar yaxshi o`yinchilar paydo bo`lishi mumkin. Lekin jamoadagi yigitlar bilan ham o`zimiz xohlagandek o`ynashimiz mumkin. Har bir futbolchi haqida etarlicha taassurotga ega bo`lishim bilan aniq bir qarorga kelaman.
Bu erga kelganimdan beri jamoaning ishlari, uni o`rganish bilan mashg`ulman. Kelajak rejalar haqida bosh qotiryapmiz. Rasmiy o`yinlar futbolchilarning haqiqiy darajasini ko`rsatib beradi. Shunda aniq xulosalarga kelish mumkin. "Paxtakor" haqida etarli ma`lumotga egaman, lekin bevosita ishlash jarayonida fikrlarim o`zgarishi mumkin, qandaydir o`zgarishlarni amalga oshirarman. Ma`lum vaqtdan keyin buni ko`rib olamiz", - dedi Voyneski.