Shimoliy Koreyalik xakerlar 2021 yilda qariyb 400 million dollarlik kriptovalyutalarni o`g`irladi. Bu haqda Chainalysis tadqiqot firmasi hisobotiga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, xakerlar kriptovalyuta platformalariga kamida ettita kiberhujum uyushtirgan. Hujumlar birinchi navbatda investisiya firmalari va markazlashgan birjalarga qaratilgan.
Jinoyatchilar fishing saytlari, eksploitlar (tizimlardagi zaifliklarni qidiradigan dasturlar), shuningdek, ilg`or ijtimoiy muhandislikdan foydalangan.
Qayd etilishicha, bitkoinning o`g`irlangan aktivlardagi ulushi 20 foizni tashkil etgan. Aksariyati (58 foizi) efiriumga, yana 22 foiz — boshqa altkoinlar va ERC-20 tokenlariga to`g`ri kelgan. Jami o`g`irlangan kriptovalyuta miqdori 2020-yilga nisbatan 40 foizga ko`pdir.
Hisobotga ko`ra, o`g`irlangan mablag`lar mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli 1,5 foizini va yillik harbiy byudjetning qariyb 10 foizini tashkil qiladi.






