Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Chilonzor tumani bo`limlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi.
Unda, fuqarolar T.T. va M.A.lar oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni Qozog`iston Respublikasidagi yuridik ta`lim yo`nalishidagi oliygohlardan biriga o`qishga kiritib, keyinchalik o`qishini tanishlari orqali 2-bosqichdan Toshkent davlat yuridik universitetiga ko`chirib berish evaziga 8 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Shu kabi, Departamentning Sho`rchi tuman bo`limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Sho`rchi tumani Xalq ta`limi bo`limi metodisti R.Q. fuqaro J.A.ning ishonchiga kirib, uning ukasi Qozog`iston Respublikasi “M.Avezov” nomidagi universitet talabasi A.ning o`qishini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga tanishlari orqali ko`chirib berish evaziga 1 600 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Parkent tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro A.X. fuqaro G.ning ishonchiga kirib, uning o`g`lini sherigi B.P. orqali O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 1 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






