Ushbu savolga AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva quyidagicha javob qaytardi:
" Vazirlar Mahkamasining 250-sonli Qaroriga muvofiq har bir sektor kesimida mahallabay «Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar (bandligi ta`minlanmagan, ishlash istagida bo`lgan, daromad manbaiga ega bo`lmagan, shu jumladan, mehnat qilish qobiliyatini qisman yo`qotgan, biroq ishlash ishtiyoqi bo`lgan xotin-qizlar);
- boquvchisini yo`qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj 1 va 2 guruh nogironligi bo`lgan xotin-qizlar;
- uy-joyini ta`mirlashga muhtoj 2 guruh nogironligi bo`lgan xotin-qizlar (mehnat qilish qobiliyatini butunlay yo`qotgan, yolg`iz yashaydigan, uy-joyini ta`mirlash imkoniyati bo`lmaganlar);
- noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o`zining yoki birgalikda yashovchi oila a`zolarining nomida turar joy mavjud bo`lmagan xotin-qizlar;
- qaramog`ida nogironligi bo`lgan bolasi mavjud yolg`iz ayollar;
- tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
- huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlar (huquqiy maslahat olish istagida bo`lgan, huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to`g`risida murojaat qilganlar);
- psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar (tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud xotin-qizlar).






