AsosiyDunyo

JSST vakili rivojlangan davlatlarni qolgan mamlakatlarga vaksina etkazib berishga chaqirdi

'JSST vakili rivojlangan davlatlarni qolgan mamlakatlarga vaksina etkazib berishga chaqirdi'ning rasmi

O`tgan haftada Evropada jami 12 million kishida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, pandemiya davridagi rekord ko`rsatkichlari yangilandi. Shunga qaramay, qit`aning aksariyat davlatlarida karantin cheklovlari bosqichma-bosqich bekor qilinmoqda.

JSSTning Evropa bo`yicha mintaqaviy direktori Xans Klyuge buning bir nechta sababini keltirib o`tdi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, bahor faslida odatda kasallanish holatlarining pasayishi kuzatiladi. Qolaversa, “omikron” avvalgi shtammlarga qaraganda birmuncha engil va asoratsiz kechyapti. O`z navbatida, uni davolash borasida ham etarlicha tajriba to`plandi. Eng muhimi, mintaqada aholini ommaviy emlash darajasi kun sayin oshib bormoqda.  

Xans Klyuge ana shunday vaziyatda ezgu da`vat bilan chiqib, rivojlangan mamlakatlarni qolgan davlatlarga vaksina etkazib berishga chaqirdi. “Bu butun sayyoramizni koronavirusdan himoya qilish uchun eng samarali choradir”, — dedi u.    

Aslida, bu chorlov uchun etarlicha asoslar bor. Chunki hozir 90 ta mamlakatda emlash ko`rsatkichlari 40 foizga ham etmaydi. 36 davlatda esa fuqarolarning atigi 10 foizi vaksina olgan, xolos. Afrika qit`asi aholisining 85 foizdan ortig`i hatto birinchi doza bilan emlanmagan.  

Evropada esa bu borada jiddiy muammolar yo`q. Masalan, Shvesiyada 12 yoshdan oshgan aholi qatlamining 83 foizdan ziyodi koronavirusga qarshi ikki bosqichda emlanib bo`lgan. Buster dozada vaksina olganlar esa 50 foizni tashkil etadi.  

Shu bois, mamlakatda 9 fevraldan koronavirus cheklovlari bekor qilinib, bar va restoranlarni soat 23:00ga qadar yopish, tashrif buyuruvchilar sonini chegaralash, emlanganlik sertifikatini taqdim etish, jamoat transportida tibbiy niqob taqish talab etilmaydi.  

Yangi Zelandiya fevral oyi oxiridan o`z chegaralarini bosqichma-bosqich ochishini e`lon qildi. Bu imkoniyatdan avval mamlakat fuqarolari, keyin Avstraliyadan kelgan maxsus viza egalari, so`ngra barcha emlanganlar foydalanishlari mumkin.

Chexiyada esa kelasi haftadan restoran va ko`ngilochar maskanlarga tashrif buyurish uchun emlanganlikni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish shart bo`lmaydi.  

Ayni paytda Daniya, Norvegiya, Niderlandiya, Avstriya, Shimoliy Irlandiya va boshqa qator Evropa davlatlarida ham pandemiya bilan bog`liq cheklovlar bekor qilingan.  

 

    Boshqa yangiliklar