Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanida 4 fevral kuni 81 yoshli ayolning uyida bosqinchilik qilgan erkakka jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda Tergov departamenti axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum bo`lishicha, soat 11:00 da noma`lum shaxs o`zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida 81 yoshli P.G.ning Mirzo Ulug`bek ko`chasida joylashgan xonadoniga borgan. Jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida ayoldan unga ichimlik suvi olib chiqib berishini so`ragan. Aldov yo`li bilan uning xonadoniga bostirib kirib, xonadon egasini bo`ynidan sintetik mato bilan bo`g`ib, hayot va sog`liq uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, 1 million so`mlik pullarini talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzidan tuman bo`yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Mazkur jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov-tezkor harakatlar davomida ushbu jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi, hech qaerda ishlamaydigan, muqaddam sudlangan 50 yoshli X.V. sodir etgani aniqlanib, u prosessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.






