Joriy yilning 8 fevral kuni soat 13:25 larda, Kogon shahar “Buxoroyi Sharif” mahallasida yashovchi, 1971 yilda tug`ilgan Ch.O`. o`z uyida onasi N.O.ni oilaviy kelishmovchilik sabab qo`llari bilan bo`g`ib o`ldirgan. Bu haqda Buxoro viloyat IIB xabar berdi.
Holat yuzasidan Kogon shahar prokuraturasi tomonidan sud tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, Ch.O`.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va u qamoqqa olingan.
Bugun, 10 fevral kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i polkovnik Shuhrat Aliev boshchiligida mas`ullar mahalla ahli va keng jamoatchilik ishtirokida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, shuningdek, mahallada jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, profilaktik tadbirlar joyiga chiqib o`rganildi va jinoyat muhokamasi o`tkazilgan.
Ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i mas`ullar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo`l qo`yilgan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib, mahallada faoliyat olib boruvchi har bir mas`ulning ish natijalarini qayta ko`rib chiqish va ish samaradorligini oshirish choralarini ko`rish zarurligini ta`kidlagan.
Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilingan holda ushbu mahallada, shuningdek, shaharning qolgan barcha mahallalarida, qolaversa viloyatning barcha hududlari va mehnat jamoalarida ushbu jinoyat va uning oqibatlarini ta`sirchan muhokama qilish, kelgusida bu kabi og`ir va o`ta og`ir turdagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida, “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida e`tibor qaratish lozimligi yuzasidan aniq ko`rsatmalar berilgan.






