Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi tomonidan soliq inspektoriga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 30 yoshli sudlanuvchi ancha yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq idoralari tizimida, 2020 yil so‘ngidan esa tuman Davlat soliq inspeksiyasi (DSI)da bosh inspektor lavozimida xizmat qilgan. Davlat organining ana shu mansabdorlik vakolatidan foydalanib, noqonuniy daromad topishni maqsad qiladi. Ya’ni egallab turgan lavozimiga ko‘ra, xizmat majburiyatlariga tuman DSIdan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bankrotlik to‘g‘risidagi qonunida belgilangan tartibda soliq to‘lovchini bankrot deb topish to‘g‘risidagi (da’vo) ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish vakolati berilganligidan g‘arazli maqsadda foydalanadi.
Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, u tuman DSI binosiga kelgan MCHJ rahbari bilan moddiy manfaatga qaratilgan suhbatga kirishadi. MCHJ rahbariga korxonasida vujudga kelgan soliq qarzdorligini yo‘q qilib berish va kelgusida jamiyat rahbari sifatida uni qayta ovora qilmaslikni va’da qiladi. Evaziga esa MCHJ rahbaridan 8.000.000 so‘m miqdorida pora berishni talab qilgan.
Bosh inspektorning harakatlari noqonuniy ekanini anglab yetgan MCHJ rahbari bu haqda Toshkent shahar DXXga ariza bilan murojaat etadi. Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida o‘z xizmat xonasida pora tariqasida berilayotgan 8.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Sudlanuvchi sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan.
"Ishxonamga MCHJ rahbari kelib, o‘zi rahbarlik qilayotgan jamiyatning boqimanda qarzdorligini bartaraf etishni va jamiyatni reyestrdan chiqarish uchun yordam berishni so‘radi. Unga jamiyat STIRini aytishini va DSIdagi bazadan qarzdorligini bilib berishimni aytdim. Jami 30 mln. so‘m qarzdorligi bor edi. “Qanday qilib ushbu qarzdorlikni bartaraf qilish va jamiyatni yopish uchun qanday yo‘l tutay?” deb so‘radi. Unga qarzdorlikni bartaraf etish, jamiyatni tugatish va bankrot qilib berishimni bildirdim. Ushbu xizmatimga haqni ko‘ngildan chiqarib bering, deganimda “8.000.000 so‘m beraman”, dedi, rozi bo‘ldim. Keyin qo‘ng‘iroq qilib, “tuman DSIga keldim”, dedi. Xizmat xonamga chiqishini aytdim. “Ishingiz hal bo‘lmayapti”, desam, stol ustiga pulni tashladi-da, chiqib ketdi. 8.000.000 so‘mni olib stol tortmasiga qo‘ydim. So‘ng fuqarolik kiyimida bir necha shaxslar kirib, o‘zlarini departament xodimlari deb tanishtirishdi va shu joyning o‘zida kriminalist tomonidan qo‘limdan surtma olindi. Olingan pullarini o‘z xohishim bilan taqdim qilishimni so‘rashdi. Haqiqatda uchrashuv davomida 8.000.000 so‘mni olganimni ma’lum qildim. Ikki dona har biri 100.000 so‘mlik kupyuralarga shartli “PORA” so‘zi yozilganini ko‘rdim.
MCHJ rahbarining o‘zi 8.000.000 so‘mni menga taklif qildi. Ushbu mablag‘ni men talab qilmaganman. Undan pulni olish niyatim bo‘lmagan. U pulni stol ustiga tashlab ketdi, ushbu mablag‘ni MCHJning qarziga to‘lab yubormoqchi bo‘lgandim",-deydi sudlanuvchi hozirgi kunda qilmishidan pushaymonligini aytib.
Alisher JALILOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi raisi:
— Sudlanuvchi Jinoyat kodeksi (JK)ning 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 45-moddasini qo‘llab, 1 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilish va 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.