Yevropadagi savdolarda gaz narxi 2 yanvar kuni megavatt/soat uchun 50,3 yevrogacha (taxminan 1 ming kub metr uchun 526 yevro) ko‘tarildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Bu ko‘rsatkich 2023 yil oktyabridan beri gaz narxining eng yuqori darajasidir.
Gaz narxining oshishiga uchta omil sabab bo‘lmoqda. Birinchisi — Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Ukraina orqali Yevropaga gaz tranzitini to‘xtatdi. Ikkinchi sabab — Norvegiyaning Xammerfest shahridagi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodi kompressor nosozligi tufayli 9 yanvargacha faoliyatini to‘xtatdi. Uchinchi omil esa Shimoliy Yevropadagi sovuq ob-havo bo‘lib, bu mintaqada isitish uchun gaz sarfini oshirdi.
“Bu haftada (Norvegiyadan suyultirilgan tabiiy gaz) ta’minotining qisqarishi bufer vazifasini bajaradigan omborlardan gaz oqimining tezlashishiga olib kelishi mumkin. Qit’a bo‘ylab zaxiralar 2021 yilda gaz inqirozi endigina boshlanayotgan paytdan beri tez sur’atda kamayib bormoqda”, deb yozadi Bloomberg.
Shunga qaramay, Yevropa komissiyasi “mintaqada ham, undan tashqarida ham samarali tayyorgarlik ishlari va muvofiqlashtirish” tufayli Markaziy va Sharqiy Yevropaga gaz yetkazib berish xavfsizligiga tahdid yo‘qligini ta’kidladi.
“Gaz yetkazib berish muqobil yo‘nalishlar (Germaniya, Italiya) va omborlardan tanlab olish orqali kafolatlanadi”, deyiladi Yevropa ittifoqi ijroiya organi veb-saytida.
“Gazprom” Ukraina orqali gaz tranzitini to‘xtatdi
1 yanvar kuni “Gazprom” Ukraina orqali gaz yetkazib berishni butunlay to‘xtatdi, chunki “Ukraina Naftogozi” bilan besh yillik tranzit shartnomasi tugadi. Rossiya konsernining ta’kidlashicha, Kiyev shartnomani uzaytirishdan bosh tortgan, shu sababli “Gazprom” gazni yetkazib berish uchun “texnik va yuridik imkoniyatlardan mahrum”.