Avval xabar berganimizdek, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilning 6 fevralida Mirishkor tumani hokimi o`rinbosari U.Yaxshiev tadbirkordan er ajratib berish evaziga 80 ming AQSh dollari pora talab qilib, shundan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan edi. Holat bo`yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ayblanuvchi qamoqqa olingan.
Qashqadaryo vilyaoti prokuraturasi mazkur holat bo`yicha o`tkazilgan surishtiruv yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berdi.
"Jinoyat ishi yuzasidan o`tkazilgan dastlabki tergovda ichki ishlar organlari kadrlar zahirasidagi xodim – Umid Yaxshiev pora olish jinoyatini tanishi Muborak tuman Ichki ishlar bo`limi boshlig`i X.Bahriev bilan oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etganligi aniqlangan.
Dastlabki tergov organi tomonidan Muborak tuman IIB boshlig`i X.Bahrievning sodir etilgan jinoyatga bevosita daxldorligini isbotlovchi etarli dalillar to`plangani sabab u kecha, 11 fevral kuni jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, shu kuni Jinoyat prosesual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Bundan tashqari, viloyat prokurorining farmoyishiga muvofiq prokuratura va ichki ishlar idoralarining jinoyatchilikning oldini olish va ularning yuzaga kelishiga sabab bo`layotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyatini barcha tuman-shaharlarda o`rganib, ularga amaliy yordam ko`rsatish bo`yicha ishchi guruh tuzilgan.
Ishchi guruh tomonidan 2022 yilning 7-10 fevral kunlari Muborak tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo`limining bu boradagi faoliyati hujjatlarni tahlil qilish orqali o`rganilgan.
O`rganishlar davomida, tuman IIBning tergovga qadar tekshirish, dastlabki tergov va jinoyatlarni fosh etish bo`yicha faoliyatida bir qator kamchiliklar, xususan, o`g`irlik, bezorilik, talonchilik va firibgarlik kabi jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlari aniqlangan.
Jinoyat sodir etilganligini ko`rsatuvchi holatlar aniqlanganida bunga dahldor bo`lgan shaxslardan tushuntirish olish, qonunda nazarda tutilgan tartibda dalillarni to`plash surishtiruv va tergov organlarining ham vakolati ham majburiyati hisoblanadi.
Shu sababli, ishchi guruh a`zolari tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida jinoyatdan jabrlangan fuqarolar va mazkur xabarlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlarini o`tkazgan IIB xodimlaridan tushuntirishlar olingan.
Jinoyatlarni yashirishga bevosida dahldorligi aniqlangan shaxslar esa jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida ommaviy axborot vositalarida yolg`on ma`lumotlar tarqatish orqali aholini chalg`itishga harakat qilishgan.
Hozirda, viloyat prokuraturasi tomonidan hisobdan yashirilgan 3 ta o`g`rilik, 3 ta bezorilik, 1 ta talonchilik va 1 ta firibgarlik jinoyatlari bo`yicha jinoyat ishlari qo`zg`atilgan.
Viloyat prokurori hamda viloyat IIB boshlig`i rahbarligidagi ishchi guruh vaziyatni joyiga chiqqan holda o`rganib, holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlandi”, deyiladi xabarda.






