AsosiyJinoyat

Surxondaryoda YPX inspektoriga 7 million so`m taklif qilgan haydovchi qo`lga olindi

'Surxondaryoda YPX inspektoriga 7 million so`m taklif qilgan haydovchi qo`lga olindi'ning rasmi

Viloyat IIB mazkur hodisa tafsilotlarini bayon qildi

Qayd etilishicha, 2022 yil 10 fevral kuni Termiz shahar Ibn Sino ko`chasida xizmat olib borayotgan  YPX inspektori "Tiko" rusumli transport vositasini harakati shubha tug`dirganligi sababli to`xtatadi. Haydovchisi bilan suhbatlashish jarayonida undan spirtli ichimlik hidi kelib turganligini sezadi.

YPX inspektori xizmatda foydalanish uchun o`ziga biriktirilgan "alkotester" orqali tekshirib ko`rib, haydovchining mastlik holatini aniqlaydi va holat yuzasidan yo`l harakati qoidalarining 12-bandiga muvofiq haydovchiga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtiradi va transport vositasini vaqtinchalik saqlash jarima maydoniga joylashtiradi.

Shundan so`ng, fuqaro YPX inspektorining xizmat olib borayotgan joyga borib, unga nisbatan chora ko`rmasdan avtomashinani jarima maydonidan chiqarib berishini iltimos qilib, evaziga 7.000.000 so`m miqdorda pora taklif qiladi.

YPX inspektori fuqaroga bu taklifi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo`lishini, jinoyatga boshlamasligini aytib tushuntirishiga qaramay haydovchi pora taklif qilishda davom etadi.

So`ng YPX inspektori Surxondaryo viloyati IIB boshlig`i nomiga fuqaroga nisbatan chora ko`rishni so`rab bildirgi bilan murojaat qiladi.

Ushbu bildirgiga asosan, Surxondaryo viloyati IJQK departamenti Termiz shahar bo`limi xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro B.Z  YPX inspektori safdor R. Sh ga 7.000.000 so`m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida ushlangan va holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

"Hozirda mazkur holat yuzasidan Termiz shahar Prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar