Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nishon tuman bo`limi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Nishon filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi.
Unda, filialining sobiq mutaxassisi J.G`. “Respublika milliy banklararo prosessing Humo markazi” bazasiga bank mijozlari nomidan go`yoki bankomatlar orqali pul echilgan bo`lsada, biroq bankomatdan naqd pul berilmaganligini sababli echib olingan pullarini plastik kartalarga qaytarib berish haqida sobiq boshqaruvchining nomidan soxta murojaatlar yuborib, mijozlarning plastik kartalarini o`zining qo`l telefoniga ulab jami 200,4 mln so`mni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Qarshi tuman bo`limi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro Sh.I. ruhiy nosog`lom fuqaro X.A.ni “R.A.” MChJga rahbar sifatida qayta rasmiylashtirib, MChJga ajratilgan 300 mln so`m kredit mablag`ini naqdlashtirish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






